Jamiyat

O‘zbekistonda o‘rmonlarni qayta tiklashga qaratilgan milliy hamda mintaqaviy loyihalar ko‘rib chiqildi

Shu maqsadda maxsus muloqot tashkil etilgan.

O‘zbekistonda o‘rmonlarni qayta tiklashga qaratilgan milliy hamda mintaqaviy loyihalar ko‘rib chiqildi

 

20-21 sentyabr kunlari BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘rmon xo‘jaligi va yog‘och materiallari qo‘shma bo‘limi O‘Zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “O‘zbekistonda barqaror landshaftlarni tiklash uchun o‘rmon xo‘jaligi sektorini texnik-iqtisodiy asoslash” mavzusida Milliy muloqoti tashkil etildi.

 

Muloqotda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar vakillari, FAO ekspertlari, BMTning Yevropa Iqtisodiy komissiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlar mutaxassislari ishtirok etishdi. Milliy va xalqaro ekspertlar o‘rmon sohasini rivojlantirish uchun qulay siyosiy, huquqiy va institutsional asoslarni yaratish, O‘zbekistonda o‘rmon landshaftlarini tiklashni moliyalashtirish mexanizmlari kabi muhim masalalarni muhokama qildi. Bundan tashqari, Respublikada o‘rmonlarni qayta tiklashga qaratilgan milliy hamda mintaqaviy loyihalar ko‘rib chiqildi.

 

Muloqot chog‘ida 2018 yilda O‘Zbekiston hukumati Bonn Challenge (Bonn chellenj) dasturi doirasida 500 ming gektardan ortiq degradatsiyaga uchragan landshaftlarni tiklash majburiyatini olgani qayd etildi.

 

Bonn Challenge  — dunyo bo‘yicha 2020 yilgacha 150 million gektar va 2030 yilga kelib 350 million gektar degradatsiyaga uchragan va o‘rmonsizlangan yerlarni tiklash bo‘yicha global saʼy-harakatlar majmui hisoblanadi. Bugungi kunga qadar 61 ta davlat va 5 ta uyushma bu dasturga qo‘shilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Kavkaz va Markaziy Osiyo landshaftlarini tiklash va infratuzilmasini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Strategiyani ishlab chiqishda faol ishtirok etgani alohida taʼkidlandi.

 

Muloqot ishtirokchilari  Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021 yildan buyon amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi saʼy-harakatlarni eʼtirof etdi.

 

O‘zbekistonda o‘rmonlarni qayta tiklashga qaratilgan milliy hamda mintaqaviy loyihalar ko‘rib chiqildi | Zamon.uz