"Qamchin" pedagogikasi endi Samarqandda
Ayol o'qituvchi bitiruvchini kaltakladi.

Ma'lumotlarga ko'ra, joriy yil 12-oktabr kuni tumandagi 4-sonli maktabning 11-sinf o'quvchilari rus tili darsida bo'lgan. Kaltak yegan bolaning aytishicha, ustozi uni telefonda gaplashishiga qarshilik ko'rsatib, urgan.
"Koridordan tashqariga chiqayotgandim, ayam qo‘ng‘iroq qildi. Ayamning mazalari yo‘q edi, go‘shakni ko‘taray desam, ‘yo‘q, ko‘tarmaysanʼ, deb, ichkariga kirgizib, koridorda sudrab, haqorat qilib, urdi", — deydi yigit.
"Dars boshlanganiga 20 daqiqa bo‘lyapti, o‘quvchi zalda yuribdi. Darsga kir, dedim, qo‘lidagi telefonni bir-ikki marta ushlab ogohlantirdim, psixolog inspektorga aytib berganman, direktor nomiga bildirish berganman. Ota-onalarining ham xabari bor edi. Qo‘rqmasdan gap qaytaryapti, ikkinchi qavatga chiqmayman, deb qochmoqchi bo‘ldi. Qo‘lidan ushlab, sinfxonaga chaqirdim, sinfxonaga yaqinlashganda meni siltab tashladi. Sensirab, so‘kishga tushdi. Stress holatdaman, besh oylik homiladorman. O‘quvchiga jahl bilan bir-ikki tarsaki soldim, kuchli asabiylashdim", — deydi o‘qituvchi.
Maktab ma’muriyatining ta’kidlashicha, holat yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgan, o‘qituvchi o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shab ketgan. Holat ichki ishlar xodimlari tomonidan nazoratga olingan.







