Endi litsenziyasiz biznes qilish mumkin
Maxsus huquqiy rejim doirasida tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish soddalashtiriladi.

Farmonga muvofiq, 2023-yil 1-yanvardan elektron tijorat, transport va logistika, sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalari bo‘yicha yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlarning zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni cheklangan muhitda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi.
2023-yil 1-yanvardan:
Maxsus huquqiy rejim doirasida tadbirkorlarga quyidagilarga ruxsat etiladi:
yangi mahsulot va xizmatlarni joriy qilish faoliyatini cheklangan doirada tartibga solish orqali ayrim qonunchilik hujjatlariga amal qilmaslik;
litsenziyasiz va ruxsat berish hujjatisiz faoliyatni amalga oshirish;
Maxsus huquqiy rejim vakolatli organ va tashabbuskor o‘rtasida har bir loyiha bo‘yicha alohida tuziladigan kelishuvga asosan joriy etiladi;
Maxsus huquqiy rejim yakunlari bo‘yicha vakolatli organ tomonidan 1 oyda:
sinovdan o‘tkazilgan mahsulot va xizmatlarni joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tahlil o‘tkaziladi;
mahsulot va xizmatlarni joriy etish maqsadga muvofiq deb topilganda, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 1-yanvargacha “Maxsus huquqiy rejim to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Adliya vazirligi Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestrining operatori hisoblanadi.
Yagona reyestr quyidagi bosqichlarda shakllantiriladi:
birinchi bosqichda (2023-yil) – qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish, taʼlim va transport sohalaridagi majburiy talablar ro‘yxati shakllantiriladi;
ikkinchi bosqichda (2024–2025-yillar) – barcha sohalardagi majburiy talablar ro‘yxati shakllantiriladi;
Yagona reyestr 2025-yil 1-iyuldan to‘liq ishga tushiriladi.







