Toshkentda bir soatlik elektr uzilishi iqtisodiyotga 3,5 mln dollar zarar yetkazishi mumkin
Ayrim omillar sabab real zarar biroz kamroq bo‘lishi, ikkilamchi oqibatlar hisobga olinganda esa yo‘qotishlar karrasiga ortishi ehtimoli bor.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Toshkentda kuzatilgan elektr uzilishi iqtisodiyotga qanchaga tushishi mumkinligi haqida yozdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida bir soat davomida qariyb 42 milliard so‘mlik yalpi ichki mahsulot yaratiladi.
Iqtisodchining ta’kidlashicha, agar poytaxtda bir soat elektr ta’minoti uzilsa, bu davrda 42 milliard so‘mlik iqtisodiy qiymat yaratilmay qoladi. Lekin ayrim tarmoqlarning elektrga bog‘liq emasligi va zaxira generatorlar mavjudligi sababli real zarar biroz kamroq bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, elektr uzilishining ikkilamchi oqibatlari hisobga olinsa, iqtisodiy yo‘qotishlar karrasiga ortishi mumkinligi ham qayd etildi.
Oddiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bir soatlik elektr uzilishi natijasida iqtisodiyot kamida 3,5 million AQSh dollari miqdorida yo‘qotishga uchrashi ehtimoli bor.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 4-iyun kuni soat 12:41 da Toshkent issiqlik elektr stansiyasidagi transformatorda nosozlik yuzaga keldi.
Hodisa oqibatida Mirobod, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur va Olmazor tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilish kuzatilgan.
Soat 13:22 holatiga ko‘ra, barcha iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq qayta tiklandi.
Bu holat metropoliten faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatib, ayrim yo‘nalishlarda poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatildi. Soat 14:16 da esa Toshkent metropolitenining barcha yo‘nalishlari va bekatlarida elektr ta’minoti to‘liq tiklandi.








