O‘zbekistonning davlat qarzi 2026-yil I chorakda 47 mlrd dollarga yetdi
Mazkur miqdorning 85 foizi tashqi, 15 foizi ichki qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil I choragi yakunida O‘zbekistonning davlat qarzi 47 mlrd dollarga yetgan. Shundan 39,8 mlrd dollari yoki 85 foizi tashqi, 7,2 mlrd dollari yoki 15 foizi ichki qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.
Vazirlik tahliliga ko‘ra, davlat qarzining o‘sishida asosiy ulush tashqi qarzlar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Bir yil davomida tashqi qarz hajmi 4,2 mlrd dollarga oshgan.
Davlat tashqi qarzining 19,7 mlrd dollari byudjet taqchilligini qoplashga sarflangan. Qolgan mablag‘lar bir qator sohalarga yo‘naltirilgan.
Xususan, yoqilg‘i-energetika sanoatiga 5,6 mlrd dollar, transport sohasiga 3 mlrd dollar, qishloq va suv xo‘jaligiga 3,3 mlrd dollar, uy-joy kommunal xo‘jaligiga 3,2 mlrd dollar ajratilgan. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa yo‘nalishlarga esa jami 3,6 mlrd dollar yo‘naltirilgan.
Shuningdek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 624 mln dollar, kimyo sanoatini rivojlantirish uchun 607 mln dollar jalb qilingan.
Davlat tashqi qarzining 22,3 mlrd dollari yoki 56 foizi xalqaro moliya institutlardan olingan. Ular orasida Jahon banki O‘zbekistonning eng yirik kreditori bo‘lib, qarz qoldig‘i 9,04 mlrd dollarni tashkil etgan. Osiyo taraqqiyot bankidan jalb qilingan mablag‘lar hajmi esa 8,3 mlrd dollarga yetgan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki oldidagi qarzi 2,3 mlrd dollarni, Islom taraqqiyot banki oldidagi majburiyatlari esa 1,1 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.
Tashqi qarzning yana 11,6 mlrd dollari yoki 29 foizi xorijiy hukumatlarning moliya institutlaridan olingan. Jumladan, Xitoy moliya tashkilotlaridan 3,9 mlrd dollar, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa yapon institutlaridan 3,1 mlrd dollar jalb qilingan.
Shuningdek, davlat tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar orqali investorlardan 5,8 mlrd dollar mablag‘ jalb etilgan.
Avvalroq Markaziy bank 2025-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning yalpi tashqi qarzi 82 mlrd dollardan oshganini ma’lum qilgan edi. Ushbu summaning 40,5 mlrd dollari davlat sektoriga, 41,7 mlrd dollari esa banklar va korxonalar zimmasiga to‘g‘ri keladi.








