May oyida so‘m kursi qanday o‘zgardi?
Apreldagi mustahkamlanishdan so‘ng milliy valyuta may oyida dollarga nisbatan qadrsizlandi. So‘mning kunlik tebranuvchanligi esa sezilarli oshdi.

May oyida milliy valyuta kursida aprel oyidagi ijobiy tendensiya davom etmadi. O‘tgan oy davomida so‘m AQSH dollariga nisbatan 0,5 foizga qadrsizlandi. Bu jarayon faqat O‘zbekiston valyuta bozoriga xos bo‘lmay, dunyoning ko‘plab mamlakatlari valyutalarida ham kuzatildi. Shu bilan birga, may oyida so‘m kursining kunlik tebranuvchanligi sezilarli darajada oshib, valyuta bozoridagi faollik kuchayganini ko‘rsatdi. Bu haqda iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Telegram-kanalida yozdi. Quyida iqtisodchining may oyida so‘m kursidagi o‘zgarishlar yuzasidan tahlili keltiriladi.

Aprel oyidagi mustahkamlanishdan keyin may oyida so‘m dollarga nisbatan 0,5 foizga qadrsizlangan. Taqqoslash uchun aprel oyida so‘m dollarga nisbatan qariyb 2 foizga mustahkamlangan edi.Dollarning mustahkamlanishi faqat so‘m bilan emas, balki aksariyat valyutalar bilan kuzatilgan. Aprel oyida dollar tanlab olingan 39 ta valyutadan 32 tasiga nisbatan qadrsizlangan edi. May oyida esa tanlab olingan valyutalarning 25 tasi dollarga nisbatan qadrsizlangan.Aprel oyida eng yuqori mustahkamlangan valyutalardan biri bo‘lgan tenge may oyida dollarga nisbatan 5 foizga qadrsizlangan. Rubl esa dollarga nisbatan mustahkamlanishda davom etib, may oyining o‘zida 5,1 foizga mustahkamlangan (aprelda 8,1 foizga mustahkamlangandi).Yirik valyutalardan dollarga nisbatan funt va iyena 1,4 foizga, frank 0,6 foizga, yevro esa 0,5 foizga qadrini yo‘qotgan.

Oy davomida so‘mning kunlik tebranuvchanligi 0,31 foizni tashkil etib, aprel oyiga nisbatan tebranuvchanlik sezilarli kengaygan. Ammo 2025-yilning mos oyiga nisbatan volotillik 9,2 foizga pastroq shakllanmoqda.

Tanlab olingan valyutalar bilan taqqoslaganda, so‘m nisbatan past tebranuvchan valyutalardan biri bo‘lib qolgan. Lekin aprel oyi bilan taqqoslaganda sezilarli o‘zgarish yuz bergan. Aprel oyida so‘m faqatgina 9 ta valyutaga nisbatan tebranuvchanroq valyuta bo‘lgan bo‘lsa, may oyda so‘mning tebranuvchanligi 16 ta valyutaga nisbatan kengroq bo‘lgan. Oy davomida eng tebranuvchan valyuta Chili pesosi bo‘lgan (kunlik tebranuvchanlik 0,62 foiz). Shuningdek, rubl (0,54 foiz) hamda tenge (0,47 foiz) ham yuqori tebranuvchanlik kuzatilgan.Yirik valyutalardan iyena (0,29 foiz) hamda yevroda (0,19 foiz) so‘mdan ko‘ra pastroq tebranuvchanlik kuzatilgan.

Mustahkamlanish va qadrsizlanish orasidagi farq keskin oshgan. Hech qaysi oyda so‘m mustahkamlangan kunlarda o‘rtacha kunlik tebranuvchanlik 0,51 foizdan oshmagan edi (hatto so‘mning volotilligi Keskin kengaygan iyun-sentyabr oylarida ham). Ya’ni may oyida so‘m mustahkamlangan kunlarda eng yuqori tebranuvchanlik qayd etilgan.So‘m qadrsizlangan kunlar uchun o‘rtacha tebranuvchanlik esa 0,23 foizga teng bo‘lgan. Ta’kidlash kerakki, mustahkamlanish va qadrsizlanishning tebranuvchanligi o‘rtasidagi ijobiy farq hech qachon bunchalik yirik bo‘lmagan.








