Andijonda oyog‘i kombaynga kirib ketgan erkak reanimatsiyada vafot etdi
Hozirda holat bo‘yicha tekshirish o‘tkazilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida yotgan bemor vafot etganligi haqida xabarlar tarqald. Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lumot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 9-noyabr kuni Sh.Abduqahhorov Jalaquduq tumanida kombaynga oyoqlari kirib ketishi oqibatida olgan jarohati tufayli jonlantirish bo‘limiga olib kelingan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bemor 10-noyabr kuni vafot etgan.
Hozirda holat yuzasidan Jalaquduq tumani IIB Tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Marhumning o‘limi kelib chiqish sababini to‘liq hajmda o‘rganib chiqishlik uchun sudga oid komissiyaviy ekspertizasi tayinlangan.
Bundan tashqari, mehnat va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilgan yoki etilmaganligi holati yuzasidan Mehnat xavfsizligi ekspertizasi tayinlangan. Tekshirish jarayoni Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.








