Farg‘onalik ayol murdasi Qirg‘izistondan topildi
Ayol bedarak yo‘qolgani sabab, uning turmush o‘rtog‘i IIBga murojaat qilgan.

Farg‘ona tumanida bedarak yo‘qolgan ayolning murdasi Qirg‘izistondagi beton ariq ichidan topildi, deb xabar beradi Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati.
Qayd etilishicha, ayolning turmush o‘rtog‘i Sh.X. 22 noyabr kuni Farg‘ona tumani IIBga murojaat qilib, unda “Hosilot” MFY Yakka tut ko‘chasi 108-uyda birga yashovchi turmush o‘rtog‘i I.X. shu kuni kuni soat 03:00 larda hech bir sababsiz yashash xonadonidan nomaʼlum tomonga chiqib ketib, qaytib kelmasdan, bedarak yo‘qolganini maʼlum qilgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv, izlov tadbirlari davomida bedarak yo‘qolgan fuqaro I.X.ning murdasi 24 noyabr kuni qo‘shni Qirg‘izistonning Botken viloyati, «Halmiyon» qishlog‘idan oqib o‘tgan beton ariqdan topilgan.
Sud tibbiy ekspertizasi tomonidan 24 noyabr kuni marhuma I.X.ga «nafas yo‘llarining suv bilan to‘lishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya, boshini peshona tepa sohasida lat, yara va yumshoq to‘qimasiga qon quyilishlar» dastlabki tashxisi qo‘yilgan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.







