Andijondagi YTHda salkam 45 nafar fuqaro jarohatlandi
Ularning 3 nafari halok bo‘lgan.

Maʼlum bo‘lishicha, bugun, 26-noyabr kuni ertalab soat 8:10 larda A-373 Toshkent—O‘sh—Andijon avtomagistralining 389-390- kilometrlari oralig‘ida Isuzu avtobusi va Fura yuk mashinasi to‘qnashib ketgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy boshqarmasi maʼlumotiga ko‘ra, to‘qnashuv oqibatida jami 41 nafar fuqaro jarohat olgan, shulardan 3 nafari voqea joyida halok bo‘lgan.
38 nafar yo‘lovchi turli darajadagi jarohatlar bilan Bo‘ston tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga olib kelingan. Ularning holati zudlik bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratiga olingan.
Bemorlardan 3 nafarida ushbu ixtisoslashgan brigadalar tomonidan jarrohlik amaliyoti bajarilgan. Barcha jabrlanganlar birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, jarohat og‘irligiga ko‘ra, Bo‘stondan Shahrixondagi qo‘shma shikastlanishlar markaziga 17 nafari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga 10 nafari yetkazildi.
Ayni paytda ularga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori D.To‘laganov boshchiligida voqea joyiga tezkor yetib borgan brigadalar tomonidan tegishli davolash standartlari asosida chuqurlashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani maʼlum qilingan.
Hozirda Bo‘ston tumani shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida 11 nafar bemor davolanayotgan bo‘lib, ulardan 3 nafarida jarrohlik operatsiyalari o‘tkazilgan.







