“Subsidiyalar poygasi” AQSH va Yevropa munosabatlarini keskinlashtiradimi?
AQSH va Yevroittifoq yashil iqtisodiyotga subsidiyalar masalasida kelisha olmayapti. Iqtisodiy qarama-qarshilik siyosiy bo‘linishga olib kelmaydimi?

19-dekabr kuni Fransiya va Germaniya iqtisodiyot vazirlari Le Mer va Robert Xabek qo‘shma bayonot eʼlon qildi. Unda “yashil” kompaniyalarga subsidiya ajratishni nazarda tutuvchi Yevropa qonun-qoidalarini yangilash taklif qilinadi. Ushbu tavsiya AQSHning inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan qonuni bo‘yicha o‘tkazilgan va boshi berk ko‘chaga kirib qolgan muzokaralar ortidan berildi.
Vashington eʼlon qilgan qonun yashil sanoatga 369 milliard dollar yordam paketini ajratishni nazarda tutadi va u 1 yanvardan kuchga kiradi. YEI rasmiylarining fikricha, bu Amerika kompaniyalarining Yevropadagi raqobatchilaridan ustunligini taʼminlashga va Yevroittifoqda ishlab chiqarilgan tovarlarning raqobatbardoshliligini pasayishiga olib keladi. Natijada Yevropa kompaniyalari ommaviy tarzda AQSHga ko‘chib o‘tishiga sabab bo‘ladi. Sababi 1 yanvardan bu yerda biznes uchun sharoitlar “ko‘hna qitʼa”ga nisbatan osonlashadi, shuningdek, energetik resurslar narxi YEIga nisbatan ancha arzon.
Le Mer va Xabek AQSH bilan kelishuvga erishishga ishonmayapti, shuning uchun ular iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlariga subsidiya ajratish bo‘yicha Yevropa standartlarini qayta ko‘rib chiqish muhimligini taʼkidlamoqda. Vazirlarning fikricha, YEI davlatlari Amerikaning iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash rejalariga mos javob qaytara olishi kerak.
“Bizning maqsadimiz aniq: yashil sanoatda Yevroittifoqning mustahkam yetakchiligini taʼminlash”, – deyiladi bayonotda.
AQSHda yuqoridagi qonun qabul qilingandan buyon Bryussel Vashingtondan Yevropa kompaniyalari uchun istisno joriy etishni so‘rab keladi: hozirga qadar Meksika va Kanadaga nisbatan shunday tartib belgilangan. Bu masala Emmanuel Makron va Jozef Baydenning dekabr boshidagi uchrashuvida asosiy muhokama mavzusi bo‘lgandi. Bayden fransiyalik hamkasbiga qonunni qayta ko‘rib chiqishga vaʼda bergan bo‘lsa-da, o‘sha paytning o‘zidayoq bu qiyinchilikka duch kelishi aniq edi.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha Yevropa-Amerika maslahat guruhi tuzilgan va unga katta umidlar bog‘langan bo‘lsa-da, shu paytga qadar kelishmovchiliklarni hal qilish uchun amaliy qadamlar tashlangani yo‘q. The Economist yaqin ikki yilda Amerika tomoni qonunga o‘zgartirish kiritmasligini qayd etgan. Bunga Kongressda demokratlarning mutlaq ustunligi yo‘qolgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Nashr “subsidiyalar poygasi” yagona yechim ekanini taʼkidlagan.
Eʼtiborlisi, Fransiya va Germaniya vazirlari bayonotidan bir necha kun avval, YEI sammitida Olaf Shols muammoni muzokaralar yordamida hal qilishga chaqirgandi. Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen esa bu masalaga to‘xtalishdan qochgandi. Shu bilan birga sammitdan oldin u Ittifoq davlatlari yetakchilariga maktub yuborib, unda Yevropaning Amerika qonunlariga qarshi moliyaviy choralarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgandi.
Euractiv portali maʼlumotlariga ko‘ra, Bryussel Vashington bilan muammoni Jahon savdo tashkilotiga murojaatdan oldin ikki tomonlama komissiya doirasida hal qilishni xohlagan. The Economist ham JST mexanizmi ishga tushirilishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Ammo Tramp va Bayden administratsiyasi JSTda bahslarni ko‘rish mexanizmini zaiflashtirgandi, shu sababli uning hozirgi nizodagi roli qanday bo‘lishi nomaʼlum. Jurnal hozirgi vaziyatni Amerika va Yevropaning Airbus va Boyeing masalasida 17 yillik nizosiga o‘xshatmoqda.
Bu YEI va AQSH o‘rtasida siyosiy bo‘linishga olib keladimi?
G‘arbiy Vashington universiteti professori Edavrd Olden o‘zining Foreign Policy jurnalida eʼlon qilgan maqolasida qayd etganidek, AQSH va Yevropa subsidiyalar masalasidagi kelishmovchiligi fundamental Transatlantika bo‘linishiga olib kelmasligini yaxshi tushunadi.
“Rossiya va Xitoy tomonidan ikki tomonlama tahdidlar sovuq urush davridan buyon eng kuchli darajaga chiqdi. Bu Qo‘shma Shtatlar va Yevropani hamkorlik qilish va iqtisodiy bahslarni... hal qilishga majbur qiladi”, – degan ekspert.
Ayrim ekspertlar bu kabi nizolar birinchi marta uchramayotganini qayd etgan. Masalan, o‘tgan asrda AQSH va Yaponiya o‘rtasida o‘ta shiddatli savdo urushlari bo‘lgan, ammo ularning ittifoqchiligi davom etmoqda.








