Xitoydagi koronavirus vaziyati iqtisodiyotga taʼsir qiladimi?
Hukumatning virusga qarshi siyosatidagi keskin o‘zgarish oqibatida bir millionga yaqin odamning vafot etishi kutilmoqda.

Xitoy hukumatining “COVID‘ga 0 chidamlilik” siyosatidagi keskin burilishi va deyarli barcha cheklovlarni bekor qilgani mamlakat tashqarisida vahimaga sabab bo‘lmoqda. Mahalliy ko‘chmas mulk bozoridagi inqiroz vahimani kuchaytirmoqda. Iyun oyida Jahon banki Xitoy iqtisodiyoti 2022 yilda 4,3 foizga, 2023 yilda esa 8,1 foizga oshishini taxmin qilgandi. Endi esa JB prognozlarini bu yil uchun 2,7 foiz va keyingi yil uchun esa 4,3 foizga tushirdi. Bu raqamlar dunyoning ikkinchi eng yirik iqtisodiyoti inqiroz oldida turganini bildirishi mumkin.
Xitoydagi pandemiya vaziyati esa dunyo moliyachilarining taʼbini yana-da xira qilmoqda. Xitoy hukumatining ommaviy testlarni bekor qilishi va bemorlarning uyda qolishiga ruxsat berishi hech kimning tushiga ham kirmagan edi.
Xitoyliklar koronavirusga chalinishdan qo‘rqmoqda
Ayni paytda mamlakatda koronavirus holatlari ko‘paygan. Ko‘plab xitoyliklar uyda qolishni afzal ko‘rmoqda, bu esa o‘z navbatida xarid darajasiga taʼsir qiladi. Do‘konlarning aksariyati yopilgan, dorixonalarda grippga qarshi preparatlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.
Odamlar qora bozorda Pfizer vaksinasini olish uchun 800 dollardan oshiq pul to‘lashga tayyor. Omborlar bo‘shagani ortidan ayrim dorixonalar paratsetamol tabletkasini donalab sotishni boshlagan.
“0 COVID” siyosati bekor qilingunicha Shanxay va boshqa iqtisodiy markazlar aholisi norozilik namoyishlariga chiqib, XXR raisi Si Szinpin isteʼfosini ham talab qilgandi.
Taqiqlar olib tashlanishi bilan mamlakatda bemorlar soni keskin oshdi. Shifoxonalar to‘lgan, jasadlar ko‘pligidan krematoriylar 24 soat ishlashga majbur bo‘lmoqda. Ekspertlar buni “0 COVID” siyosati uzoq davom etganidan ommaviy immunitet shakllanmagani bilan bog‘lamoqda.
Ko‘chmas mulk bozoridagi muammolar
Jahon banki tomonidan qayta ko‘rib chiqilgan prognozlar Xitoyni ko‘chmas mulk bozori va qurilish sohasidagi inqiroz kutayotganini ko‘rsatmoqda. Xitoy ishlab chiqarish hajmining qariyb 25 foizi soha hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bir necha yillik o‘sishdan so‘ng ko‘plab shaharlarda uy-joy narxi tusha boshlagan. Jahon banki “saqlanayotgan bosim keng makroiqtisodiy va moliyaviy natijalarga olib kelishi mumkin”ligidan ogohlantirmoqda.
Xitoy 2022 yilda YAIM o‘sishini 5,5 foizga yetkazishni maqsad qilgandi. Ammo bu maqsad amalga oshmadi. Agar u amalga oshgan taqdirda ham so‘nggi 40 yildagi eng past ko‘rsatkich bo‘lib qolardi.
Endi Xitoy hukumati oldidagi yechilishi kerak bo‘lgan masalalarga COVID‘ga qarshi siyosatning to‘satdan o‘zgargani oqibatlari ham qo‘shildi. Bularga ishchilarni fabrikalarga joylashtirish, dori-darmon va dezinfeksiyalovchi vositalar zaxirasini yaratish kiradi. Mamlakat sanoat kompaniyalari koronavirusning yangi to‘lqiniga bas kelish uchun qo‘lidan kelgan barcha usullarni ishga solmoqda.
Iqtisodiy hamkorlar hayratda
Bu paytda esa XXRning iqtisodiy hamkorlari mamlakatdagi o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatmoqda. Dunyo ishlab chiqarish sanoatining 1/3 qismi Xitoy zavodlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Xitoy neftni qayta ishlash zavodlarning katta qismiga egalik qiluvchi Sinopec kompaniyasi ish rejimini saqlab turish uchun asosiy ishchilarini boshqalardan izolyatsiya qilib qo‘ydi, taʼtillarga taqiq qo‘yilgan.
Nio elektromobil ishlab chiqaruvchisi esa ish to‘xtab qolmasligi uchun xodimlariga dori-darmon va tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bir nechta yuk mashinasi sotib oldi.
Apple konsernining Xitoydagi asosiy pudratchisi – Foxconn kompaniyasi kasallik alangasini nazoratga ololmagani sababli ishlab chiqarishda uzilishlar yuz berdi. Buning oqibatida iPhone 14 Pro‘ning bayramoldi savdosi kutilganidek bo‘lmadi.
Endi nima bo‘ladi?
Dekabr o‘rtalarida Gongkong universiteti vahimali tadqiqot natijalarini eʼlon qildi. Unga ko‘ra, Xitoy hukumatining koronavirusga qarshi siyosatidagi keskin o‘zgarishi oqibatida bir millionga yaqin odamning vafot etishi kutilmoqda. Boshqa tarafdan, vaksinatsiya darajasini oshirish va virusga qarshi preparatlardan foydalangan holda COVID‘ga qarshi siyosatdan sekin voz kechish o‘limlar sonini qariyb 4 martaga kamaytirishi mumkinligi aytilmoqda.
Sharofat Mahmudova tayyorladi








