Jamiyat

Sobiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish ochildi

Ish fuqaro murojaati asosida o‘rganib chiqilgani aytilmoqda.

Sobiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish ochildi

 

Sobiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi hamda bir qator xato va kamchiliklar aniqlandi.

 

Jumladan, 2019-yilda Italiyaning Pediluko shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan turnir hamda o‘quv yig‘ini mashg‘uloti uchun sarflangan 334,0 mln so‘m, 20 680 yevro va 1500 AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. 

 

Xususan, 2020-yilda budjet mablag‘lari hisobidan jami 2,9 mlrd so‘mlik 6 ta shartnoma bo‘yicha sotib olingan  jihozlarning foydalanish uchun tarqatilganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi aniqlandi.

 

Shu va boshqa bir qator holatlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.

 

Aniqlangan holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshirish o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha prokuratura idoralari tomonidan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi, “a” bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.