26 trillion dollar sayyora aholisining 1 foizi qo‘lida to‘plangan
Butun dunyoda tengsizlik misli ko‘rilmagan darajada oshgani aytilmoqda. 820 million odam ochlikdan aziyat chekadi, ularning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

So‘nggi 25 yilda ilk bor qashshoqlik va o‘ta boylar soni bir xilda o‘smoqda. Korporatsiyalar va ularning egalari turli inqirozlardan katta foyda olyapti. Bu haqda Oxfam xayriya tashkilotining yillik hisobotida so‘z boradi.
Hisobot “Boylarning yashab qolishi” deb nomlanadi. Unda qayd etilishicha, 2020 yilgi inqiroz — pandemiya davridan to‘plangan boylikning 62 foizi dunyo aholisining atigi bir foizi qo‘lida to‘plangan. U 26 trillion dollarni tashkil etmoqda. Qolgan boylik — 16 trillion dollar esa 99 foiz odamlar qo‘lida qolgan.
O‘tgan yili oziq-ovqat va energetika kompaniyalari daromadi o‘sishi hisobiga milliarderlar boyligi yana-da oshdi. Xususan, ular 2022 yilda daromadini ikki barobarga oshirgan.
Sayyoraning har o‘ninchi odami ochlikdan aziyat chekmoqda
Bir vaqtning o‘zida, hozirda inflyatsiya oylik maoshdan ko‘ra tezroq o‘sayotgan davlatlarda 1.7 milliard odam yashaydi. Sayyoraning har o‘ninchi aholisi, yoki 820 million inson ochlikdan aziyat chekmoqda. Ularning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
Bu katta ehtimol bilan Ikkinchi Jahon urushidan keyin tengsizlikning eng katta o‘sishi bo‘ldi. Oxfam boylarga solinadigan soliqni oshirishga chaqirdi.







