Skoda, Kia, Infiniti va Nissan mobil dasturlari Rossiyada ishlamayapti
Ukraina mojarosi boshlangach, ko‘plab xorij kompaniyalari RF bozorini tark etdi. Ular orasida qator avtokonsernlar ham bor.

Rossiya hududida qator avtomobil ishlab chiqaruvchilarning mobil ilovalari ishlamayapti. Bu haqda TASS agentligiga tayanib, “Meduza” xabar berdi.
Gap Skoda, Kia, Infiniti va Nissan kompaniyalari ilovalari haqida ketmoqda. Ushbu dasturlar orqali mashinani masofadan o‘t oldirish, uning joylashgan o‘rnini aniqlash va texnik holatini nazorat qilish mumkin. Kompaniyalar ushbu servis o‘chirilishi haqida foydalanuvchilarga ogohlantirish yuborgani aytilmoqda.
Shuningdek, Porsche mobil ilovasi ham Rossiyada ishlamayapti. U 2022 yilning yozida o‘chirilgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng, ko‘plab xorij kompaniyalari RF bozorini tark etdi. Ular orasida qator avtokonsernlar ham bor.







