Braziliya va Argentina yagona valyuta yaratishi mumkin
Agar bu loyiha amalga oshsa va Janubiy Amerikaning boshqa davlatlari qo‘shilsa, valyuta ittifoqi jahon YAIMning 5 foizini qamrab oladi.

Braziliya va Argentina hukumatlari yagona valyuta yaratish ustida ishlamoqda. Bu haqda ikki davlat prezidentlari Luis Inasiu Lula da Silva va Alberto Fernandesning qo‘shma maqolasida so‘z boradi.
“Biz Janubiy Amerika uchun umumiy valyuta yaratish g‘oyasi muhokamasini davom ettiramiz. Bundan nafaqat moliyaviy, balki savdo operatsiyalarini amalga oshirishda foydalanish mumkin. Bu xarajatlarni qisqartirish va tashqi qaramlikni kamaytirishga yordam beradi”, – deyiladi maqolada.
Janubiy Amerikaning ikki eng yirik iqtisodiyotining yuqoridagi rejalari haqida dastlab The Financial Times xabar bergandi. Yagona valyuta loyihasi Buenos-Ayresdagi sammitda muhokama qilinadi, unga boshqa davlatlar ham jalb qilinishi mumkin.
“Men yolg‘on umidlarni yaratishni istamayman. Bu Lotin Amerikasi o‘tishi lozim bo‘lgan uzoq yo‘ldagi ilk qadam bo‘ladi”, – degan Argentina iqtisodiyot vaziri Serxio Massa.
Vazirning fikricha, loyihaning amalga oshirilishi uchun uzoq yillar kerak. U Yevropa yagona valyuta yaratishi uchun 35 yil vaqt ketganini eslatgan. Braziliya tomoni yangi valyutani “sur” deb nomlashni taklif qilgan (“sur” ispanchadan janub degani).
Rejalarga ko‘ra, yangi pul birligi Braziliya reali va Argentina pesosi bilan parallel muomalada yuradi. Agar unga Lotin Amerikasining boshqa davlatlari ham qo‘shilsa, valyuta ittifoqi jahonning 5 foiz YAIMni qamrab oladi.







