Jamiyat

O‘tgan yili bojxonachilar qancha narkotik moddani to‘xtatib qoldi?

Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Husan Tangriyev bu boradigi maʼlumotlarni ochiqladi.

O‘tgan yili bojxonachilar qancha narkotik moddani to‘xtatib qoldi?

 

2022 yilda bojxona organlari tomonidan mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash, bojxona tartibotlarini soddalashtirish, O‘zbekistonning eksport salohiyatini yana-da oshirishga qaratilgan keng qamrovdagi islohotlar, chora-tadbirlar amalga oshirildi.

 

Xususan, Davlatimiz Rahbarining 2022 yil 27 apreldagi «Bojxona maʼmuriyatchiligini yana-da takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni bojxona va yuk operatsiyalarini raqamli transformatsiya qilish orqali inson omilini keskin qisqartirish, bojxona sohasini ochiqlik, shaffoflik hamda ishonchlilik tamoyillari asosida korrupsiyadan holi tizimga aylantirishda muhim rol o‘ynamoqda.

 

2022 yilda davlat byudjetiga 46,2 trln so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari undirildi va belgilangan reja 114 foizga bajarildi.

 

Tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan 56,6 trln so‘m miqdorida imtiyoz va tarif preferensiyalari qo‘llanildi.

 

Shuninglek, bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash tartibotlari soddalashtirilib, o‘tgan yilda tadbirkorlar 5,6 trln so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini to‘lashda ushbu imkoniyatdan foydalanishdi.

 

Tizimda “Raqamli bojxona” tamoyilini keng joriy qilish maqsadida o‘tgan yilda 11 ta axborot tizimi, 13 ta elektron xizmati, 3 ta mobil ilova ishga tushirildi. O‘zaro maʼlumotlar almashinuvini takomillashtirish maqsadida 12 ta davlat idorasi va 9 ta xorijiy aviakompaniyaning axborot tizimlari bilan integratsiyalashuv amalga oshirildi.

 

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida hozirda eksportda 86 % va importda 76 % tovarlar soddalashtirilgan tartibda, yaʼni bojxona ko‘rigisiz rasmiylashtirish tartibi qo‘llanilmoqda.

 

Natijada rasmiylashtiruv vaqti eksportda 4,5 barobar, importda esa 2 barobar qisqardi. Bojxona ko‘riklari soni 1,7-marta kamayib, samaradorlik 41 foizga ortdi.

 

Bundan tashqari, deklaratsiyalarni avtomatik ro‘yxatga olish tizimi joriy etildi. Avval ushbu jarayonga 2-3 soat sarflangan bo‘lsa, hozir 5 daqiqada amalga oshirilmoqda.

 

Xalqaro tajribadan kelib chiqib, mamlakatimizdagi 11 ta xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida takroriy nazorat funksiyalarini bartaraf etilib, “Masofaviy bojxona nazorati” tizimi joriy etildi.

 

Endilikda viloyatlar markazlari va qadimiy shaharlarda ham bojsiz savdo do‘konlari tashkil etilmoqda. Hozirda bunday do‘kon ilk bor Samarqand shahrida ish boshlagan bo‘lsa, kelgusida Buxoro, Xorazm va Farg‘ona viloyatlari markazlarida, Toshkent viloyatining “G‘ishtko‘prik”, Andijonning “Do‘stlik” chegara bojxona postlarida ham “Duty Free” do‘konlarini ochish ishlari olib borilmoqda.

 

Respublikamiz bojxonachilari tomonidan 2022 yilda aniqlangan 17 mingdan ortiq bojxona qonunbuzilishi holatlarida 844 mlrd so‘mlik tovarlarning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.

 

O‘tgan yilda 749 kg. og‘irlikdagi giyohvandlik vositalari ushlab qolindi. Mazkur ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 42 foizga oshgan. Shuningdek, 316 ming dona kuchli taʼsir qiluvchi dorilar, 5,3 ming dona psixotrop moddalar qonunbuzarlardan olib qo‘yildi.

 

Bundan tashqari qiymati 14,6 mlrd so‘mlik 38 kg.dan ziyod tilla va boshqa zargarlik buyumlari aniqlandi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 5 foizga ko‘p deganidir.

 

Shuningdek, bojxona chegaralari orqali 2021 yilga nisbatan 6,7 barobarga ko‘p miqdorda, yaʼni 4,5 mln dollarga teng naqd xorijiy valyutalar ushlab qolindi.

 

Bojxona organlarining tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlari natijasida 2022 yilda qiymati 19,8 mlrd so‘mlik 1 mln. 620 ming quti tamaki mahsulotlari ushlab qolindi.

 

Xalqimizning boy madaniy va tarixiy boyliklarini asrab qolishda bojxona xodimlari ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib, o‘tgan yilda 1565 dona madaniy boyliklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishining oldini olishdi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 15 foizga oshgan.

 

Kezi kelganda taʼkidlash kerakki, Bojxona organlari hududlarni ijtimoiy – iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash borasidagi islohotlarga ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

 

2023 yilda esa bojxona organlari tomonidan eksportga tovarlarni chiqarish tartibotlarini keskin soddalashtirishga qaratilgan “Eksport uch qadamda” loyihasini amalga oshirishga kirishildi.

O‘tgan yili bojxonachilar qancha narkotik moddani to‘xtatib qoldi? | Zamon.uz