Ozarbayjon Yevropa gaz bozorida Rossiya o‘rnini egallay oldimi?
Ukrainadagi qurolli mojaro boshlanganiga hademay bir yil to‘ladi. Global neft-gaz bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Ozarbayjonga ushbu nizo qanday taʼsir ko‘rsatdi?

2022 yil martida G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari fonida qator ekspertlar Ozarbayjonning Yevropaga gaz sotishidan katta foyda olishini prognoz qilgandi. Mamlakat ichida ekspertlar dastlab bunga ishonchsizlik bilan qaragandi. Xo‘sh, deyarli bir yildan keyin qanday xulosalar berish mumkin? Sanksiyalar va Ukraina urushi Ozarbayjon iqtisodiyotida jiddiy taʼsir ko‘rsatdimi?
Ozarbayjon asosiy gaz yetkazib beruvchiga aylana olmadi
202 yilda Baku jami 19 milliard kubmetr gaz eksport qildi. Bu 2021 yilga nisbatan 5.4 foizga kam. Yevropaga jami 9 milliard kubmetr gaz sotilgan.
Shu bilan birga yonilg‘i narxining rekord darajada oshishi hisobiga daromad o‘tgan yili 2021 yilga nisbatan 3 barobarga ko‘paydi — 15 milliard dollar. Mustaqil tadqiqotchi Togrul Valiyevning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon yangi bosqichga chiqa olmadi — eng muhim yetkazib beruvchiga aylana olmadi va yaqin kelajakda aylanishi qiyin.
“Ozarbayjon shunchaki gaz eksportini keskin oshirolmaydi. Qazib olishning hozirgi hajmi va o‘tkazgichlar imkoniyati bunga yo‘l qo‘ymaydi”, – degan u.
Bunda tashqari, bundan oldin imzolangan kelishuvlarga ko‘ra, Baku har yili maʼlum hajmda Turkiya va Gruziyaga gaz yetkazib berishi kerak. YеI bilan esa aniq kelishuvlar yo‘q. Bu yo‘nalishda faqat 2022 yilda Bryussel bilan imzolangan energetika sohasidagi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni keltirish mumkin. Bu shartnoma asosida Ozarbayjon keyingi besh yil ichida Yevropaga gaz sotishni 2 barobar ko‘paytirishi mumkin.
“Bu yerda asosiy so‘z — mumkin. Ammo majbur emas. Buning uchun Ozarbayjon qazib olishni ko‘paytirishga katta mablag‘ sarflashi kerak. Yevropa esa 2030 yilda muqobil energiya rolini jiddiy oshirmoqchi va natijada Ozarbayjon gaziga talab yo‘qoladi. Agar vaziyat o‘zgarsa, bu talab ancha avvalroq yo‘qolishi mumkin. Shuning uchun hukumat qazib olishni ko‘paytirishga harakat qilmayapti”, – degan Valiyev.
Ozarbayjonga relokatsiya
Ozarbayjon YAIM 2022 yilda qo‘shni Gruziya va Armanistonga nisbatan kamroq o‘sdi (4.6 foiz; qo‘shnilarda bu ko‘rsatkich 12-3 foizni tashkil etgan). Bunday katta tavofutga sabab — Gruziya va Armanistonga urush boshlangandan so‘ng, rossiyaliklarning katta oqimi kirib keldi. RFda qisman harbiy safarbarlik eʼlon qilingach, bu oqim yana-da kengaydi. Ammo turli omillar, eng avvalo viza cheklovlari tufayli Ozarbayjon rossiyaliklar orasida mashhur yo‘nalishga aylana olmadi.
Bakuga asosan, RF pasportiga ega ozarbayjonlar yoki bu yerda qarindoshlari bo‘lgan rossiyaliklar keldi. Bundan tashqari, bir necha yuz IT mutaxassislari ham joylashgan; ular qimmat turarjoy majmuasiga joylashib, o‘zlarining yopiq jamiyatini tuzdi. Togrul Valiyevning fikricha, relokantlarning mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga hissasi yuqori darajada bo‘lmaydi.
“Ha, amalda mamlakatda yuzlab “aytichi”lar kirib keldi. Ammo ular Ozarbayjonda faqat jismonan mavjud, aksariyat mutaxassislar Rossiya va boshqa xorijiy davlatlardagi ish beruvchilar buyurtmasini bajarishda davom etyapti. Hozircha ular mavjud reallikka integratsiya qilayotgani yo‘q”, – deb taʼkidlagan iqtisodchi.
Shunga qaramay, 2022 yil sentyabriga kelib jismoniy shaxslarning Ozarbayjonga o‘tkazmalari 2.7 milliard dollarni tashkil etdi. Bu 2021 yilga nisbatan 3.6 martaga ko‘p va umuman uzoq yillardan buyon kuzatilgan rekord ko‘rsatkich. Bu summadan 2.2 milliardi Rossiyadan o‘tkazildi va relokantlarning bank hisob raqamlariga kelib tushdi.
Narxlar oshgan
Qo‘shnilarga nisbatan Ozarbayjonga kamroq rossiyaliklar kirib kelgani uchun bu yerda uy-joy ijarasi narxi u darajada oshmadi. Ammo qolgan barcha mahsulotlar narxi o‘sdi. Bu ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarida yaqqol sezildi. Dekabrda yillik o‘rtacha oziq-ovqat inflyatsiyasi 19 foizni tashkil etdi.







