Bir xonadondan 4 kishining murdasi topildi
Ularning ikki nafari talaba ekani aytilmoqda.

Joriy yilning 31-yanvar kuni Jizzax shahar Sayilgoh ko‘chasida joylashgan xonadonlarning birida 4 nafar shaxsning murdasi topilgan. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 1 nafari Sambhram universiteti 2-bosqich, ikkinchisi Jizzax politexnika instituti 2-bosqich talabasi bo‘lgan.
Sud-tibbiy ekspertiza ma’lumotlari marhumlarning o‘limiga is gazidan zaharlanishi sabab bo‘lganini ko‘rsatdi.
Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa sodir bo‘lgan xonadonga o‘rnatilgan isitish tizimi tabiiy gazdan foydalanish va yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ekanligi ko‘rsatilgan.
Holat yuzasidan JKning 207-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.







