Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilarga sifatsiz oziq-ovqat tarqatilgani aniqlandi
Bu haqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati maʼlum qildi.

Qoraqalpog‘istondagi ayrim maktablarda o‘quvchilarga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati.
Kenges raisi Amanbay Orinbayev rahbarligida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan Kegeyli tumanidagi 1, 8, 19 va 55-sonli umumtaʼlim maktablaridagi o‘rganish ishlari davomida qo‘pol xato va kamchiliklar aniqlandi.
Xususan, bolalarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan meʼyorga javob bermasligi, shuningdek, ichimlik suvi bilan taʼminlanmagani, issiq choy bilan taʼminlash uchun esa sharoit to‘liq yaratilmagani maʼlum bo‘ldi.
«Eng achinarlisi, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati o‘rganilganda olma sharbati isteʼmolga yaroqsiz ekani, bundan tashqari, qadoqlangan mahsulotlar zararkunandalar bilan zararlangani aniqlandi. Qolaversa, mahsulotlar maxsus avtomashinalarda emas, yo‘lovchi transportida yetkazib berilgan, turli maktablarda kundalik oziq-ovqat sifatini nazorat qiluvchi komissiya tarkibi tuzilmagan», — deyiladi xabarda.
Hozirda o‘rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, aybdorlarga chora ko‘rish bo‘yicha tegishli tartibda ishlar olib borilmoqda.
«Aytish joizki, bolalarning ovqatlanishi talablari bajarilishi yuzasidan respublikamizning barcha maktablarida o‘quv-tarbiya ishlari olib borilib, maktab direktorlari va aybdorlarga qattiq jazo choralari ko‘rilmoqda», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat yetkazib berish jarayoni prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga ko‘ra, 2022 yilning fevral oyida boshlangandi.







