Qozog‘iston Rossiyadagi savdo vakolatxonasini yopdi
Bu rejalar fevral boshida maʼlum qilingandi.

Qozog‘iston hukumati Rossiyadagi savdo vakolatxonasini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Tegishli hujjat respublika normativ-huquqiy hujjatlarning namunaviy nazorat bankida eʼlon qilindi.
“Qozog‘iston Respublikasi hukumati qaror qiladi: Qozog‘iston Respublikasi Savdo va integratsiya vazirligining Rossiya Federatsiyasidagi Qozog‘iston Respublikasining savdo vakolatxonasi davlat muassasasi tugatilsin”, — deyiladi hujjatda.
Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida 1992-yil oktyabr oyida vakolatxonalar tashkil etish to‘g‘risida shartnoma tuzilgandi. Hujjat 2012-yilda ratifikatsiya qilingan. Rossiyada Qozog‘istonning savdo vakolatxonasi 2009-yilda ochilgan.
Qozog‘istonning RFdagi savdo vakolatxonasini tugatish rejalari fevral oyi boshida maʼlum bo‘lgan edi. Mamlakat sanoat va savdo vazirligi bu qarorni respublika davlat organlari ishini optimallashtirish bilan izohladi.







