Harbiy mojaro fonida katta daromad ko‘rgan bank: Raiffeisen nega Rossiyani tark etmadi?
Avstriya moliya instituti urush davrida katta foyda olishda davom etmoqda.

Raiffeisen banki RF bank bozorining eng “keksaʼ ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. 90 yillarda Rossiyada o‘z biznesini ochgan Avstriya giganti keyingi o‘n yilliklarda o‘n minglab xodimlari va millionlab mijozlari bilan mamlakatning asosiy o‘yinchisiga aylandi. 2022 yil 24 fevral, yaʼni Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirgan kunidan so‘ng, Raiffeisenʼning taʼsiri xorijiy kompaniyalarning mamlakatdan ommaviy chiqib ketishi fonida kuchaydi.
Bank boshqalar qatori ketish variantini ham o‘rganib chiqdi - ammo bu vaqt ichida Kreml Rossiyani tark etishga ulgurmagan “do‘stona” davlatlarning yirik bizneslari uchun bunday ssenariyni to‘sib qo‘yadigan bir qator qonunlarni qabul qildi. Natijada, Raiffeisen mamlakatda ishlashda davom etmoqda va hatto rekord darajada daromad olyapti - lekin sanksiyalar cheklovlarini chetlab o‘tish uchun bank faoliyatini o‘rganayotgan G‘arb regulyatorlari va siyosatchilarining eʼtiborini tobora ko‘proq jalb qilmoqda. "Finansial times" jurnalistlari Kreml va G‘arb bir vaqtning o‘zida unga bosim o‘tkazayotgan sharoitda Raiffeisenʼning rus biznesini qanday boshqarishini o‘rganishdi.
Urush davrida Rossiyada ishlash Raiffeisen'ga rekord daromad keltirdi. Ammo Ukrainada bu bank "qonli pullar"da ayblanmoqda.
Boy tarixga ega bo‘lgan Avstriya banki haqiqatan ham uzoq vaqt davomida boshqa xorijiy moliya institutlari katta muvaffaqiyatlarga erishmasdan chiqib ketgan mamlakatda rivojlanish strategiyasini mohirona qurgan.
Ammo bir yil oldin hammasi o‘zgardi. Moskvaning Ukrainaga qarshi agressiyasidan so‘ng rus bozorlari G‘arb kompaniyalari uchun zararli bo‘lib qoldi, ular obro‘ va huquqiy xavflar tufayli mamlakatni ommaviy ravishda tark eta boshladilar. Biroq, Raiffeisen ketish bilan bog‘liq muammolarga duch keldi.
Shu bilan birga, mamlakatda ishlarning davom etishi sezilarli dividendlar olib keldi: o‘tgan yil oxirida bank 3,6 milliard yevro foyda oldi (2021 yilda bu ko‘rsatkich 1,4 milliard edi) va bu mablag‘ning 2,2 milliardi Rossiya va Belarusdagi biznesdan tushgan.
Shu bilan birga 2022 yilning fevral oyidagi eng yuqori ko‘rsatkichlarga nisbatan Raiffeisen aksiyalari bugungi kunda 40 foizdan ko‘proqqa arzonlashgan. O‘tgan hafta “Reuters” agentligi AQSH moliya vazirligi bankning Rossiyadagi faoliyati bilan bog‘liq holda audit o‘tkazayotgani haqida xabar qildi. Departament hali aniq daʼvolar haqida maʼlumot bermadi, ammo signal aniq: ham regulyatorlar, ham siyosatchilar Raiffeisenʼni diqqat bilan kuzatib borishmoqda.
Ukrainaning Venadagi elchisi Vasil Ximinets yanvar oyida Raiffeisenʼning Rossiyadagi daromadlari "qonga bo‘yalganini" aytdi. Diplomat bankning Ukrainada halok bo‘lgan rossiyalik harbiy xizmatchilarga berilgan kreditlarni hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi qonunga rioya qilishini shunday baholadi.
Endi Raiffeisen Rossiyadagi biznesini faqat Kreml ruxsati bilan sotishi mumkin
Chet elliklar Rossiya bozoridan ommaviy ravishda chiqib ketganidan so‘ng, Kreml qolgan o‘yinchilarni mamlakat ichida saqlab qolish uchun bir qator harakatlarni amalga oshirdi. Bosh kompaniyalarga dividendlar to‘lash taqiqlanadi, shuningdek, “nodo‘st” mamlakatlar kompaniyalari tomonidan Rossiya aktivlarini sotish taqiqlanadi - prezident Vladimir Putinning maxsus roziligisiz buni amalga oshirib bo‘lmaydi.
Raiffeisen rahbariyati faqat bitta potensial xaridor bilan muzokaralar olib borgan, ammo u ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Kompaniya hatto aksiyadorlarni eng radikal ssenariy - Rossiya biznesining to‘liq hisobdan chiqarilishi bank barqarorligini buzmasligi haqida ogohlantirdi.
Hozircha Raiffeisen Rossiya rasmiylarining bosimi va ikkilamchi sanksiyalar xavfi o‘rtasida manyovr qilishda davom etmoqda. Urush davrida bank RFning o‘nga yaqin yirik mijozlari, jumladan oligarxlar va korporatsiyalar bilan aloqalarini uzdi. Shu bilan birga Raiffeisen 2022 yilda mamlakatdagi biznesga kredit berishni 30 foizga qisqartirdi, rahbariyat buni katta yutuq deb biladi.
Raiffeisen 1990 yillardan beri Rossiyada biznesni jadal rivojlantirmoqda.
Avstriya giganti mamlakatdagi birinchi G‘arb banklaridan biri bo‘lib, 1998 yildagi inqirozdan omon qoldi va o‘z mavjudligini kengaytirish orqali bu afzallikdan tezda foydalandi. Misol uchun, 2006 yilda Impexbank'ni 200 ta bo‘linmasi bilan 563 million dollarga sotib olishga uchun Raiffeisenʼga bir oydan kamroq vaqt kerak bo‘ldi.
Bu pozitsiya Raiffeisenʼning vatani Avstriyada qo‘llab-quvvatlanadi. Hukumat amalda bankka Rossiyani tark etish talabi bilan bosim o‘tkazmaydi. Gap shundaki, Raiffeisen aksiyalarining atigi 41,2 foizi fond birjasida sotiladi, qolgan aksiyalar esa murakkab sxema bo‘yicha Avstriyadagi hududiy bo‘linmalar tarmog‘iga tegishli.







