Rossiyaning neft-gazdan olgan daromadlari 40 foizga kamaydi
Bunga sabab bo‘lgan omillar ochiqlandi.

G‘arb sanksiyalari va chegara narxlar tufayli Rossiyanin neft-gazdan olgan daromadlari 2023 yil yanvarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga kamaygan. Bu haqda Xalqaro energetika agentligi hisobotida so‘z boradi.
O‘tgan bir oyda uglevodorodlar eksportidan 18.5 milliard dollar daromad olingan (taqqoslash uchun: 2022 yil yanvarida bu 30 milliardga teng bo‘lgan).
“Biz neft-gaz daromadlari yaqin oylarda yana-da pasayishini kutyapmiz. O‘rta istiqbolda esa texnologiya va investitsiyalar qisqarishi ortidan o‘rta istiqbolda u kamayishda davom etadi”, – degan Xalqaro energetika agentligi direktori Fatih Birol.
Kreml o‘tgan yili 146 milliard yevrolik neft-gaz sotgan. Bu yil esa byudjet taqchilligini yopish uchun xalqaro zaxiralarini sotmoqda.
YEI 5 fevraldan Rossiya neft mahsulotlarini dengiz orqali tashishni taqiqladi. O‘tgan yilning 5 dekabrda esa “katta yettilik” va Yevroittifoq davlatlari rus neftiga chegara narxlarni belgiladi.







