Jamiyat

Shifokor-xodimlar uchun yangi avtobus yo‘nalishi ishga tushiriladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasining vaqtinchalik ko‘chirilganligi xodimlarga noqulaylik tug‘dirayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Shifokor-xodimlar uchun yangi avtobus yo‘nalishi ishga tushiriladi

 

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi vaqtinchalik ko‘chirilganligi va jamoat transporti mavjud bo‘lmaganligi xodimlarga noqulaylik tug‘dirayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Ushbu holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi ma’lumot berdi.

 

Ya’ni, amaliy yordam so‘rab, Transport vazirligiga murojaat qilindi. 

 

Natijada 2-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yangi shahar jamoat transporti yo‘nalishini tashkil etish bo‘yicha Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi va Toshkent viloyati transport boshqarmasi mutasaddi xodimlari tomonidan  atroflicha o‘rganish ishlari olib borildi.

 

O‘rganish natijasiga ko‘ra, shifoxonadan 5-metro bekatigacha bo‘lgan masofa 6,9 kmni tashkil etayotganligi, shifoxonaga kelib-ketayotgan ishchi-xodimlarga noqulayliklar yuzaga kelayotganligi sababli yangi avtobus yo‘nalishini tashkil etish maqsadga muvofiqligi ma’lum bo‘ldi.

 

"Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi bergan ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda metro bekatidan Zangiotadagi klinikaga qadar 154-sonli yo‘nalish ishlab chiqilib, tenderga qo‘yilgan. Yo‘nalish tender o‘tkazilgandan so‘ng 21 martgacha ishga tushiriladi", deyiladi xabarda.

Shifokor-xodimlar uchun yangi avtobus yo‘nalishi ishga tushiriladi | Zamon.uz