XVJ Ukrainaga qariyb $16 mlrd kredit ajratadi
Bu mablag‘lar mamlakatda iqtisodiy faollikni tiklash uchun sarflanadi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi Ukraina hukumati bilan mamlakat iqtisodiyotining tiklanishini qo‘llab-quvvatlash uchun umumiy qiymati qariyb 15,6 milliard dollar miqdorida kredit ajratish bo‘yicha kelishuvga erishganini maʼlum qildi.
“Dahshatli gumanitar yo‘qotishlardan tashqari, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi iqtisodiyotga halokatli taʼsir ko‘rsatishda davom etmoqda”, — dedi XVJning Ukrainadagi missiyasi rahbari Gevin Grey.
To‘rt yillik reja tashkilot direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bu masala yaqin vaqt ichida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
O‘tgan yili Ukrainada iqtisodiy faollik 30 foizga qisqardi. Fond mamlakat iqtisodiyoti urush natijasida muhim infratuzilmaga yetkazilgan jiddiy zarardan sekin-asta tiklanadi, deb taxmin qilmoqda.







