Madaniyat va turizm sohasida qo‘pol qonun buzilish holatlari aniqlandi
Bosh prokuratura o‘rganishlariga ko‘ra, festivallar doirasida 8 milliard so‘m talon-toroj qilingan.

Bosh prokuratura tomonidan sobiq Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasida o‘rganishlar olib borilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzib kelingani aniqlandi.
Xususan, Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi tomonidan yuqoridagi Qonun talablari buzilib, tender tanlovlari o‘tkazilmasdan, festival tadbirlarini o‘tkazish uchun turli firmalar bilan 20 milliard so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzilgan.
Ushbu festivallar 2022 yilning may-sentyabr oylarida amalda o‘tkazib bo‘lingan bo‘lsa-da, qonun buzilishlarni yashirish maqsadida “etender.uzex.uz” maxsus axborot portaliga 24 oktyabr va 3 noyabr kunlari poytaxtda 5 ta festival tadbirlarini o‘tkazish haqida nomigagina e’lon va hujjatlar joylashtirilgan hamda shartnomalar tuzilgan.
O‘tkazilgan festivallar doirasida ham amalda bajarilmagan ishlar va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 8 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-taroj qilingani aniqlandi.
Tekshirish natijasiga ko‘ra, Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







