XVJ 2023-yil iqtisodiy qiyin yil bo‘lishini prognoz qilmoqda
Jamg'arma boy davlatlarni kuchsiz mamlakatlarga yordam berishga chaqirdi.

Ukrainadagi urushning oqibati, shuningdek, dunyo davlatlari tomonidan pul-kredit siyosatining keskinlashuvi 2023-yilda global iqtisodiy o'sishning 3 foizdan kam bo'lishiga olib keladi. Bunday prognozni Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) rahbari Kristalina Georgieva aytib o'tdi.
"Jahon iqtisodiyoti ancha vaqtdan beri notinch muhitda bo'lib, shok ortidan shokni boshdan kechirmoqda. Uzoq davrdagi past foiz stavkalaridan inflyatsiyaga qarshi kurashish uchun zarur bo'lgan ancha yuqori stavkalarga tez o'tish ba'zi rivojlangan iqtisodiyotlarda muqarrar ravishda bank sektorida notinchlikni keltirib chiqardi va siyosiy qarorlarni yanada qiyinlashtirdi", - deydi XVJ rahbari. Uning fikricha, jahon iqtisodiyotida kutilayotgan qiyinchiliklarni yengishning yagona yo‘li hamkorlik va hamjihatlikdir.
Shu bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog'liq muammolar va turmush narxining o'sishi fonida u davlatlarni o'z aholisining kamroq himoyalangan qatlamlarini qo'llab-quvvatlash choralarini ko'rishga va badavlat mamlakatlarni "himoyasiz" davlatlarga yordam berishga chaqirdi.
30-yanvar kuni XVJ 2023-yilda jahon yalpi ichki mahsuloti o‘sishi prognozini 2,9 foizgacha yaxshiladi. Bu 2022-yil oktabr oyida kutilganidan 0,2 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, tashkilot 2024-yilga mo‘ljallangan global yalpi ichki mahsulot o‘sishi prognozini 0,1 foizga pasaytirib, 3,1 foizga tushirdi. Ikkala ko'rsatkich ham 2000-2019 yillardagi o'rtacha ko'rsatkichdan ancha past (3,8 foiz).







