Enaga dugonasining yosh bolasini urib, qovurg‘asini sindirdi
Ayolning farzandi yo‘qligi aytilmoqda.

Samarqand shahrida o‘ziga ishonib topshirilgan bolani urib, qovurg‘alarini sindirgan enagaga sud hukmi o‘qildi.
Sudda maʼlum qilinishicha, Urgut tumanida yashovchi 37 yoshli sudlanuvchi ayol Samarqand shahrida ijarada yashab, o‘zi bilan birga yashagan tanishining farzandiga enagalik qilishga kelishgan. U buning evaziga ijara pulining faqat yarmini to‘lashini aytgan. Sudlanuvchi hali voyaga yetmagan bolaning sho‘xliklarini ko‘tara olmagan va uni doimiy ravishda urib-do‘pposlab kelgan.
"Balki onasidagi alamimni undan olgim keldimi, balki farzandsizligim menga taʼsir qildimi, nega hammaga beradi, menga bermaydi, dedim. Hamma narsani o‘yladim. Bir marta urdim, lekin yaxshigina urdim. Qo‘lidan, qornidan chimchiladim, yuziga, dumbasiga urdim", - deydi sudlanuvchi ayol.
Qayd etilishicha, aybini yashirish maqsadida bolani davolab berish evaziga 500 ming so‘m berishini aytib, uni boshqa dugonasiga berib yuborgan. Ayol farzandi qiynoqlarga chidab yashab, qiynalib nafas olayotganini ko‘rgach, uni shifoxonaga olib borgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasida bolaning chap yuz yonoq va burun sohalarida shilinma, ko‘krak va ikkala qo‘l-oyoqlarida jarohatlar aniqlangan.
Qovurg‘alarining sinishi kabi jarohatlar hayot uchun o‘ta xavfli bo‘lgan tan jarohatlar, deya baholangan va u o‘tmas jismlar taʼsirida yetkazilgani ko‘rsatilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, ayol jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.







