2 million dollarni bosqinchilik bilan o‘zlashtirmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Zo‘ravonlarning biri muqaddam JKning 8 ta moddasi bilan sudlangani aytilmoqda.

Tegishli davlat organlari tomonidan tadbirkorning yashash xonadonidagi 2million AQSH dollari miqdorida pullarni bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishni rejalashtirgan uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda IIV Axborot xizmati.
Joriy yilning 12 aprel kuni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Toshkent shahar Olmazor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda jinoiy guruh a’zosi 1979 yilda tug‘ilgan, muqaddam JKning 8 ta moddasi bilan sudlangan shaxs qo‘lga olinib, uning yonidan maxsus tayyorlab qo‘yilgan 2 dona pichoq, 4 dona skotch va IIO xodimlarining dala formalari, rezina qo‘lqop, opiy giyohvandlik moddasi, tramadol tabletkasi va sport sumkasi daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olindi.
Shu kunning o‘zida tezkor tadbir davom ettirilib, guruhning qolgan 4 nafar a’zolari Namangan viloyati IIB tezkor qidiruv xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Ulardan jinoyat sodir etishda foydalanish uchun tayyorlab qo‘yilgan sport kiyimlari, niqob va qo‘lqoplar, 3 dona pichoq, elektroshoker qurilmasi, telefon apparatlari, giyohvandlik moddasi va boshqa jihozlar topildi.
Tezkor surishtiruv tadbirlari davomida bosqinchilik jinoyatini sodir etish uchun yana 5 nafar shaxslar taklif etilganligi aniqlanib ushlandi.
Qo‘lga olinganlarning asosiy qismi muqaddam sudlangan shaxslar yoki tadbirkor va sportchilar bo‘lib, ularning aksariyati bosqinchilik rejalashtirilgan fuqaro bilan tanish bo‘lgan va hatto u bilan birga ishlab kelgan.
Mazkur holat yuzasidan, Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan JKning 164-moddasi, 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.







