Axborot kodeksining yangi loyihasi jurnalistlar ishtirokida muhokama qilindi
Uchrashuvda yolg‘on xabar tarqatishda qo‘llaniladigan javobgarlik turlari, axborot olish va uzatishga oid savollarga javob berildi.

Adliya vazirligi, Yuristlar malakasini oshirish markazi tashabbusi bilan AOKA hamkorligida OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun “Islohotlar davrida ommaviy axborot vositalarining roli, jurnalistlarning axborot tarqatishdagi huquq va majburiyatlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida tashkilotchi idora mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar hamda OAV mutaxassislari va huquqshunoslik ekspertlar trening-mashg‘ulotlari o‘tkazishdi.
Tadbirda asosiy e’tibor axborot tarqatishda ishonchli manbaga tayanish, jurnalist etikasiga rioya qilish, shuningdek, shaxsga oid ma’lumotlarni taqdim etishda qonunchilik doirasidan chiqmaslik, aybsizlik prezumsiyasiga amal qilish va boshqa qator dolzarb masalalarga qaratildi.
Ochiq muloqot davomida AOKA mas’ul xodimlari yangi Axborot kodeksi loyihasi va unda kutilayotgan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Soha vakillari, jurnalist va blogerlar bilan axborot sohasida kasb mas’uliyatining chegaralari, jurnalistik faoliyatni tartibga soluvchi huquqiy va etik normalar, zamonaviy mediaga xos va mos ishlash mexanizmlariga o‘tish, inson ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi axborot tarqatishdan cheklanish, aholining OAV orqali ishonchli va haqqoniy axborotni olish huquqini buzish holatlarining oldini olish masalalari keng muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda yolg‘on xabar tarqatishda qo‘llaniladigan javobgarlik turlari, axborot olish va uzatish erkinligi hamda kafolatlari, jurnalist sha’ni va huquqining himoyalanishiga oid savollarga javob berildi.
Davra suhbati ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar faoliyatlariga huquqiy yondashish jihatdan samarali bo‘ldi.







