Mashina urib yuborgan obodonlashtirish xodimlari ishga majburan chiqarilgan
Mehnat inspeksiyasi holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazdi.

Avvalroq Andijon viloyatining Marhamat tumanida obodonlashtirish xodimi bo‘lgan ikki nafar ayolni mashina urib yuborgani, ulardan biri vafot etgani haqida xabar berilgandi. Holat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik inspeksiyasi томонидан o‘rganildi.
Tekshirish jarayonida, ishchilarni Mehnat kodeksi talablariga zid ravishda, ya’ni ish vaqtidan tashqari ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek, dam olish kunlarida ma’muriy tarzda majburan ishlatib kelinayotganliklari aniqlandi. Mazkur holat bo‘yicha, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan MJtKning 51-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qo‘llanildi. Ma’lumot uchun, mazkur moddada BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha bo‘lgan jarima jazosi belgilangan.
Qayd etilishicha, sodir bo‘lgan avtohalokat natijasida vafot etgan xodimning oila a’zolariga yetkazilgan zarar summasi — marhumaning o‘rtacha 6 yillik ish haqi, ya’ni 122 mln 633 ming so‘m miqdoridagi bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa Mehnat Kodeksining 328-moddasi talablariga muvofiq, to‘lanadi. Bundan tashqari, turmush o‘rtog‘iga va 2 nafar farzandlariga 490 ming so‘mdan har oyda to‘lanadigan yetkazilgan zarar summasi Mehnat Kodeksining 323-moddasi talablariga asosan to‘lanadi.
Sodir bo‘lgan avtohalokat natijasida og‘ir tan jarohati olgan ishchiga uning davolanishi davomida kasallik varaqalari bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida hisob-kitob qilinishi va to‘lanishini ta’minlash, mehnatga layoqatsizlik darajasi belgilanganda, uning o‘rtacha bir yillik ish haqi 21 mln 313 ming 772 so‘m miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa summasi va oyma-oy to‘lanadigan yetkazilgan zarar summasi hisoblandi.
“Yuz bergan baxtsiz hodisa natijasida xodimlarning oila a’zolari, farzandlariga boquvchisining vafoti tufayli bir yo‘la nafaqa va oyma-oy to‘lanishi lozim bo‘lgan zarar to‘lovlari Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi va buning ijrosi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan nazoratga olinadi. Maxsus tekshiruv yakuni bo‘yicha, barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda hududiy Ichki ishlar organiga yuborilishi ta’minlanadi”, - deyiladi xabarda.







