Jamiyat

O‘zbekistonda anomal issiq boshlandimi?

Eng yuqori harorat iyun oyida kuzatiladi

O‘zbekistonda anomal issiq boshlandimi?

 

“O‘zgidromet” shu kunlarda O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va issiq ob-havo bo‘lishi kutilayotganini maʼlum qildi. Qayd etilishicha, 5-6 iyun kunlari respublikaning shimoliy hududlarida, 6-8 iyunda esa janub va cho‘l hududlarida harorat 41-42 darajagacha isishi kutilmoqda. Maʼlumot uchun, bunday harorat iyun oyining birinchi o‘n kunligi meʼyoriy ko‘rsatkichlaridan 4-6 darajaga yuqoridir.

 

Eslatib o‘tamiz, ushbu davrda bundan ham yuqori harorat qiymatlari kuzatilgan. Jumladan, 2021 yil iyun oyining birinchi o‘n kunligida respublika markaziy hududlari bo‘yicha havo harorati 41-43 darajagacha, shimol, janub va cho‘l hududlarda esa 44-46 darajagacha ko‘tarilgan.

 

– Bu yoz davomida eng yuqori harorat necha gradusgacha ko‘tarilishi mumkin? Havo haroratining bu darajada ko‘tarilishiga asosiy sabab nima?

 

Erkin Abdulahatov, “O‘zgidromet” yetakchi mutaxassisi:

"Kam yog‘ingarchilik qurg‘oqchilik xavfini kuchaytirib yubordi"

 

–  O‘zbekiston hududining janub qismlarida havo harorati 40 darajagacha ko‘tarilishi avvaldan kuzatilib kelingan. So‘nggi yillarda ushbu harorat respublikamizning barcha hududida kuzatilishni boshladi. Bu yil hattoki aprel oyida Xorazm viloyatida tarixda bo‘lmagan harorat kuzatilib, 41 daraja qayd etildi.

 

Iqlim o‘zgarishi butun dunyoda global isish muammosi bilan birga tezlashmoqda. Bunga misol qilib may va sentyabr oylarida ham yozgi haroratning kuzatilayotganini aytishimiz mumkin. Bahor faslidagi yog‘ingarchiliklarning kam bo‘lishi bizning mintaqada qurg‘oqchilik xavfini kuchaytirib yubordi. Bu qurg‘oqchilik sababli tuproqda namlikning yetishmasligi oqibatida issiqlikni yuqoriroq his qilishimizga olib kelmoqda. Ayni kunlarda, yaʼni 5-iyundan 8-iyunga qadar respublikaning juda katta hududlarida harorat 41-42 darajagacha kuzatilishini maʼlum qildik.

 

Kechqurunlari ham harorat ko‘tarilishi oqibatida namlik yuqorilab, shamolsiz holatlarni keltirib chiqaradi. Bu aholimiz orasida “dim” degan tushuncha bilan tushuntiriladi.

 

Bu yil yoz qanday keladi degan savolga albatta javob bor. Iyul va avgust oylaridagi haroratni so‘nggi texnlogiyalar yordamida aniqlashga harakat qildik. Natijada mazkur oylar biz belgilagan meʼyordan bir, ikki darajada yuqori bo‘lishini prognoz qildik. "O‘zgidromet"ning snoptiklari iyun oyini uch daraja, iyul va avgust oylarini belgilangan meʼyordan bir, ikki daraja yuqori bo‘lishini aniqladi. Bu raqamlarda iyun oyi nisbatan issiqroq bo‘lishi maʼlum bo‘lmoqda. Yoz davomida yurtimizning cho‘l va janubiy qismlarida 50 darajadan yuqori harorat ro‘yxatga olingan. O‘tgan yili mamlakatimizning yigirmaga yaqin haroratni aniqlash markazlarida tarixdagi eng yuqori haroratlar qayd etildi. Yildan-yilga bu ko‘rsatkich o‘sib borayotganini hisobga olsak, hali rekord darajadagi issiq havo kuzatilishi mumkin.

 

– Issiqdan himoyalanishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

 

Murod Sodiqov, FVV Matbuot xizmati rahbari:

"Issiq kunda kamharakatlilik turli kasalliklarga olib keladi"

 

– Ko‘proq suv ichish talab etiladi. To‘g‘ri suv ichish tartibi organizm faoliyatining yaxshi ishlashi va suv-tuz balansini meʼyorlashtirishiga imkon tug‘diradi. Issiq kunda suv isteʼmol hajmini ko‘paytirish kerak. Bunda organizmning suv tanqisligini to‘ldirish uchun gazlangan yoki nektar suv emas, aksincha oddiy ichimlik suvini isteʼmol qilish lozim. Surunkali kasalligi mavjud bo‘lsa, shifokor tavsiyasiga rioya qilish lozim.

 

Eng issiq payt – soat 12:00 dan 16:00 gacha ko‘chaga chiqmaslik, ayniqsa, quyosh tagida yurmaslikka harakat qiling. Kuningizni shunday rejalashtiringki, bu vaqtda yoki ishda, yoki uyda – pana joyda bo‘ling. Ko‘proq dush qabul qiling. Muntazam ravishda tozalanish badanga effektiv nafas olishga yordam beradi. Suv xona haroratida bo‘lishi kerak. Muzdak suv bilan yuvinish esa, tana harorati keskin o‘zgarishi natijasida pnevmoniya kasalligiga olib keladi. Albatta ochiq suv xavzalarda cho‘milish mumkin, ammo cho‘milish taqiqlangan hududlarga eʼtiborli bo‘lish kerak.

 

Ertalab va kechqurun ko‘proq harakat qiling. Jazirama kunlarda kamharakatlilik gipertoniya, yurak-tomir kasalliklari va tromboz rivojlanishiga olib keladi. Oziqlanish ratsionini o‘zgartiring. Issiq kunda ko‘proq sovuq taomlar isteʼmol qiling. Yog‘liq sut va go‘sht mahsulotlari isteʼmol qilmang, ammo baliq va sabzavotlardan voz kechmang. Sutli mahsulotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tish lozimki, rastalarda quyosh nuri tushib turgan hamda isteʼmolga yaroqlilik muddati o‘tib ketgan mahsulotlarni sotib olishda juda eʼtiborli bo‘lish kerak. Albatta taomlarni tuz bilan tanovul qiling, chunki yuqori haroratda, tananing terlashi natijasida ko‘p miqdorda natriy moddasi yo‘qotiladi. Sintetik matodan tayyorlangan kiyimlar kiymaslikga harakat qiling. Kepka, shlyapa yoki panamalar kiyishdan uyalmang. Chunki oftob urishi asosan bosh qiziganda sodir bo‘ladi.

 

O‘zbekistonda anomal issiqlik haqidagi xabarlar 17 may kunidan boshlandi. “O‘zgidromet” havoning isib ketishi sabab 17-20 may kunlari respublikaning tog‘ va tog‘li hududlarida mahalliy yomg‘ir tufayli sel xavfi mavjudligi haqda ogohlantirgan.

 

Iyun oyining birinchi haftasidanoq havo harorati 44-46°C ga qadar ko‘tirildi. “So‘nggi paytlarda mamlakatimiz hududida 7-10°da yozning boshlanishi uchun normal qiymatlardan yuqori bo‘lgan g‘ayritabiiy issiq havo bor. Bu Eron hududlaridan quruq va issiq havo bilan bog‘liq”, – deya xabar beradi O‘zgidromet.

 

Baʼzi manbalaraga ko‘ra, O‘zbekistonda iyun oyining bu darajada issiq bo‘lishi so‘nggi 88 yilda sira kuzatilmagan. 19-22 iyun kunlari esa 40°S ga qadar issiq bo‘lishi kutilyapti.

 

Jamshid AMIROV suhbatlashdi

 

O‘zbekistonda anomal issiq boshlandimi? | Zamon.uz