Toshkentda yarim tunda kirakashlik qilib yurgan yigitga bosqinchilar hujum qildi
Bosqinchilarga qizlar ham yordam bergan.

Maʼlum qilinishicha, 7-iyun kuni 24 yoshli erkak Toshkent tumani IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan.
Unda shu kuni soat 01:20 larda Spark avtomashinasida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanayotgan vaqtida, THAYning Toshkent shahri Yunusobod tumani I.Karimov mahallasi hududidan o‘tgan qismidan yo‘lovchi sifatida ikki nafar nomaʼlum ayol avtomashinasiga o‘tirib, Qibray tumani Parvoz mahallasiga olib borib qo‘yishini so‘raganini bildirgan.
Qayd etilishicha, u mazkur mahallaga borgan vaqtida, ayollarning tanishi bo‘lgan yana ikki nafar nomaʼlum erkak uning avtomashinasiga chiqqan va ularni “Uch qahramon” blokposti yaqinidagi ichki ko‘chaga olib borgan vaqtida, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan ikki nafar erkak unga pichoq o‘qtalib, qo‘llari bilan urib tan jarohati yetkazgan.
So‘ngra ular uni zo‘rlik ishlatib avtomashina orqa o‘rindig‘iga o‘tkazgan, ulardan biri avtomashina rul boshqaruviga o‘tirgan, ikkinchi erkak esa pichoq o‘qtalib orqa o‘rindiqda olib ketayotgan vaqtida undan Redmi-5 rusumli telefon apparatini va qo‘lida bo‘lgan soatini tortib olgan. Uchtepa tumani hududidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasiga kirgan vaqtlarida, u avtomashinadan tushib qochib ketishiga ulgurgan.
Tergov departamentining maʼlum qilishicha, mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergov-tezkor ishlar natijasida, mazkur jinoyatni 21 yoshli P.F. (erkak), 18 yoshli S.M.(ayol), 22 yoshli N.B. (erkak) va 18 yoshli A.Yu. (ayol)lar sodir etganliklari hamda jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan avtomashinani Zangiota tumani Mustaqillik ko‘chasida joylashgan uylarning biri oldida tashlab ketilganligi aniqlangan va avtomashina ko‘zdan kechirilib ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Ayblanuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, hozirda yuqoridagi shaxslar nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l urganligi yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.







