O‘zbekiston Qatar bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda tajriba almashadi
Shuningdek, BMT shafeʼligida o‘tkaziladigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimi joriy yil Toshkentda o‘tkazilishi mumkin.

O‘zbekiston Qatarning korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari bilan o‘zaro tajriba almashadi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov maʼlum qildi.
“BMTning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha maxsus vakili, Qatar davlati Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash markazi vasiylar kengashi raisi Ali bin Fetais al Marriy bilan O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, Qatarning korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari bilan o‘zaro tajriba almashishga kelishib oldik”, deb yozadi Akmal Burxanov o‘zining Telegram-kanalida.
Qo‘shimcha qilinishicha, BMT shafeʼligida o‘tkaziladigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimini 2023 yilda Toshkent shahrida o‘tkazish masalasi muhokama qilingan.







