O‘zbekistonda bolalarda 50 ga yaqin buyrak transplantatsiyasi o‘tkazildi
Mamlakatda ushbu noyob jarrohlik muolajalari orqali o‘z salomatligini tiklagan bemorlar soni 15 barobarga ortgan.

Bundan bir necha yil avval O‘zbekistonda buyrak va jigar transplantatsiyasi amaliyotlari o‘tkazilmasligi bois bemorlar xorijiy mamlakatlarga davolangani borishga majbur edi. Tabiiyki, ular bu jarayonda turli qiyinchiliklar va katta miqdordagi moliyaviy xarajatlarga duch kelishardi.
Keyingi yillarda tibbiyot, xususan, transplantatsiya sohasini rivojlantirish va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan eʼtibor natijasida buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazish kabi murakkab amaliyotlarni O‘zbekistonning o‘zida bajarish yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, 2017 yildan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak transplantatsiyasi bo‘yicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgan bo‘lsa, 2021 yildan tibbiyotimiz tarixida ilk bor mahalliy mutaxassislar tomonidan jigar ko‘chirib o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Natijada yurtimizda ushbu noyob jarrohlik muolajalari orqali o‘z salomatligini tiklagan bemorlar soni 15 barobarga ortib, yiliga 350 tani tashkil qildi. Qolaversa, 2017-2023 yillarda 1 100 ta buyrak transplantatsiyasi va 70 dan ortiq jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi. Vaholanki, bu raqam 2017 yilda atigi 27 tadan iborat edi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishda tajriba va ko‘nikmalar oshirilib, bugungacha turli yoshdagi bolalarda 50 ga yaqin buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi.
Transplantatsiya dasturining joriy etilishi nafaqat poytaxt, balki hududlarda ham ushbu yordam hajmini oshirish va tana aʼzolari terminal shikastlangan bemorlarni davolash natijalarini yaxshilash imkonini berayotir.
Bundan tashqari, yurtimizda inson organlarini ko‘chirib o‘tkazish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash tizimi ham samarali yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda ular xorijiy davlatlarda malaka oshirib, chet ellik mutaxassislar bilan qo‘shma jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etmoqda.
2022 yil may oyida soha rivoji yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi: Prezidentimiz tomonidan “Inson aʼzolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni imzolandi.
Mazkur hujjat transplantatsiyani amalga oshirishning maqsad va shartlari, obyektlari, donorlar doirasi hamda donor va retsipiyentning huquqlarini belgilab berdi. Uni tayyorlashda AQSH, Germaniya, Polsha, Rossiya, Belarus va Ukraina kabi davlatlarning bu boradagi qonunchiligi atroflicha o‘rganildi.







