Toqayev AES qurilishi bo‘yicha referendum o‘tkazmoqchi
“Ko‘plab fuqarolar va bir qator ekspertlar atom elektr stansiyalari xavfsizligidan xavotirda”, degan Qozog‘iston rahbari.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev atom elektr stansiyasini qurish masalasini umumxalq referendumiga qo‘yishni taklif qildi. Bu haqda «Sputnik» xabar bermoqda.
“2019 yilda saylovoldi dasturimda eng muhim strategik masalalar bo‘yicha qarorlar referendum yo‘li bilan qabul qilinishiga vaʼda bergandim. AES qurish yoki uni qurishdan bosh tortish mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq o‘ta muhim masala. Shuning uchun men uni umumxalq referendumiga qo‘yishni taklif etaman. Aniq vaqtini keyinroq hal qilamiz”, dedi Toqayev juma kuni Qozog‘iston xalqiga yillik murojaatida.
Prezident atom energetikasini rivojlantirish muhim iqtisodiy va siyosiy masalaga aylanganini qayd etdi.
“Mamlakatimizda atom elektr stansiyasini qurish maqsadga muvofiqligi haqida turli fikrlar borligini bilasiz. Bir tomondan Qozog‘iston dunyodagi eng yirik uran ishlab chiqaruvchisi sifatida o‘z atom ishlab chiqarishiga ega bo‘lishi kerak. Ayrim ekspertlar kichik reaktorlar bilan zavodlar qurish tarafdori. Boshqa tomondan, ko‘plab fuqarolar va bir qator ekspertlar atom elektr stansiyalari xavfsizligidan xavotirda. Semipalatinsk yadro poligonining fojiali merosini hisobga olsak, buni tushunish mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Qozog‘iston rahbari bu borada jamoatchilik muhokamalarini va har tomonlama keng muhokamani davom ettirish zarurligini taʼkidladi.







