Umra tadbirini tashkil etish bo‘yicha noto‘g‘ri talqinlar tarqalmoqda
Holatda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Umra tadbirini tashkil etish bo‘yicha noto‘g‘ri talqinlar tarqalmoqda. Holatga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2023 yil 8 avgustda “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qilingan. Mazkur qarorda O‘zbekistonda xususiy sektor tomonidan “Umra” tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish imkoniyati yaratilayotgani keltirilgan.
Unga ko‘ra, turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etiladi:
—100 ming AQSH dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
—“Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash;
—“Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika taʼlim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi;
—“Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik;
—“Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.
2023 yil 1 oktyabrdan “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi. Baholash tizimi Turizm qo‘mitasining maxsus saytida eʼlon qilib boriladi.
Qarorda belgilangan qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 2023 yil 1 noyabrdan qo‘llaniladi.
“Qarordagi “Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatish taqiqlanishi qatʼiy belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, biroq mazkur jihatni turli assotsiatsiya va vakolatga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan shaxsiy qarashga asoslangan holda noto‘g‘ri talqin qilinishi odamlarni chalg‘itishga sabab bo‘lmoqda.
Aslida Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 8 avgustdagi 345-sonli qaroriga muvofiq “Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatish taʼqiqlanadi. O‘z navbatida, mazkur qarorni sharhlash va shaxsiy qarashni ommaga singdirish turli assotsiatsiya va shaxslarning vakolatiga kirmasligini maʼlum qilamiz”, — deyiladi munosabatda.







