Vashingtonda 1 sentyabr O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi kuni deb eʼlon qilindi
Bu bo‘yicha maxsus deklaratsiya qabul qilingan.

O‘zbekiston mustaqilligi munosabati bilan Vashington shahri meri Muriyel Bauzer 2023 yil 1 sentyabrni AQSH poytaxtida “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi kuni” deb rasman eʼlon qildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Qabul qilingan deklaratsiyada AQSH poytaxti meri O‘zbekistonda Mustaqillik kunining ahamiyatini taʼkidlab, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olganini qayd etgan. Merning bayonoti ushbu kunning ahamiyatini eʼtirof etibgina qolmay, balki o‘zbek jamoalarining Vashingtonning “boy xilmaxilligi, madaniyati va anʼanalariga” beradigan qadriyatini urg‘ulaydi.
1993 yilda Vashingtonda O‘zbekiston elchixonasi ochilganidan buyon O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda sezilarli yaxshilanish kuzatildi.
Deklaratsiyada taʼkidlanishicha, Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston ko‘plab sohalarda, jumladan, chegara va mintaqaviy xavfsizlik dasturlari, iqtisodiy loyihalar, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, ingliz tili taʼlimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda mustahkam o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirib bormoqda.
Bundan tashqari, shahar meriyasi O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasiga ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, shaxslararo aloqalarni yo‘lga qo‘yish va ikki davlat o‘rtasida madaniy almashinuvni rivojlantirishda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishgani uchun minnatdorlik bildirdi.







