O‘zbekistonlik o‘quvchilar Xalqaro informatika olimpiadasida g‘olib bo‘ldi
Bu mamlakat tarixidagi ilk g‘alaba.

O‘zbekistonlik o‘quvchilar ilk bor Xalqaro informatika olimpiadasida g‘alaba qozondi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xabar berdi.
To‘rt nafar o‘zbekistonlik o‘quvchi Vengriyaning Seged shahrida bo‘lib o‘tgan 35-Xalqaro informatika olimpiadasida ishtirok etdi. Olimpiada natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor eng nufuzli xalqaro informatika olimpiadasida ilk medallarni qo‘lga kiritdi.
G‘olib o‘quvchilar:
Dilorbek Valijonov - Andijon shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi (bronza);
Dilshodbek Xo‘jayev - Toshkent shahridagi Ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi (bronza).
Joriy yilda mazkur Xalqaro olimpiadaga O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi.
Ilk bor terma jamoa aʼzolarini tayyorlash uchun xalqaro trener jalb qilindi. Informatika olimpiadasi oltin medali sohibi, Polsha yoshlar informatika olimpiadasi bosh koordinatori Bartosz Kostka tomonidan 10 kun davomida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan intellektual oromgoh majmuasida o‘quvchilar tayyorlandi.
O‘zbekiston prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bronza medalini qo‘lga kiritgan o‘quvchilar bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (66 mln so‘m), ustozi 150 baravar (49,5 mln so‘m) pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Bundan tashqari, Xalqaro olimpiada g‘oliblari OTMlarga grant asosida o‘qishga qabul qilinib, keyinchalik taʼlim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritadigan bo‘lsa, lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama oladi.







