Prezident Pokiston delegatsiyasini qabul qildi
Muloqotda Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 sentyabr kuni Pokiston Islom Respublikasi Qurolli kuchlari Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni general Asim Munir boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida yuqori darajali mehmon davlat rahbariga Pokiston Prezidenti Orif Alviy va Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Anvar Kakarning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbatda ilgari qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq o‘zaro savdoning yuqori o‘sish surʼatini davom ettirish, infratuzilmaviy loyihalarni tezlashtirish hamda ikki mamlakat yetakchi korxonalarining kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan fikr almashildi.
“Termiz – Mozori-Sharif - Peshovar” temir yo‘lini barpo etish loyihasini ilgari surish maqsadida amaliy saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligi taʼkidlandi.







