Saida Mirziyoyeva: "O‘zbekiston YUNESKO Bosh Konferensiyasining 43-sessiyasini o‘tkazishga tayyor"
Prezident yordamchisi YUNESKOning Parijdagi Bosh qarorgohida ochilgan “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar” ko‘rgazmasida nutq so‘zladi.

Prezident yordamchisi YUNESKOning Parijdagi Bosh qarorgohida ochilgan “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar” ko‘rgazmasida nutq so‘zladi.
«4-sentabr kuni YUNESKOning Parijdagi Bosh qarorgohida “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar” ko‘rgazmasi ochildi. Loyiha buyuk alloma va mutafakkir tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan.
Tashrif buyuruvchilar vizual installyatsiyalar yordamida Abu Rayhon Beruniyning hayoti va ijodi, kashfiyot va izlanishlari haqida maʼlumot olishlari mumkin. Ekspozitsiyada allomaning Fransiya milliy kutubxonasi fondidan yig‘ilgan qo‘lyozmalariga alohida joy ajratilgan.
O‘ylaymanki, ushbu loyiha Yevropa jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otib, buyuk allomalarimiz merosi bilan faxrlanadigan o‘zbek zamini haqidagi tasavvurlarini yana-da boyitadi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston YUNESKO Bosh Konferensiyasining 43-sessiyasini 2025 yilda Samarqandda o‘tkazishga tayyorligini mamnuniyat bilan maʼlum qilaman! Agar ushbu taklif maʼqullansa, bu tarixiy voqea YUNESKO sessiyalarini faqat Parijda chaqirish bo‘yicha 40 yildan oshiq davom etgan anʼanani o‘zgartira oladi».







