Qashqadaryoda erkak ayolini arra bilan o‘ldirgani aytilmoqda
Hodisaga oilaviy mojaro sabab bo‘lgan.

Qashqadaryoda erkak oilaviy mojaro sabab xotinini elektron arra bilan o‘ldirgani aytilmoqda. Bu haqda “Sukut saqlama” loyihasida xabar berildi.
Qayd etilishicha, 2007 yilda turmush qurgan va 3 nafar farzandli er-xotin oilaviy mojaro sabab janjallashib qolgan. Erkak ayolini ota-onasinikiga jo‘natib yuborgan va 2 nafar o‘g‘lini ko‘rishga ruxsat bermagan.
Bir kuni erkak zanjirli arra bilan ayolining yuzi va bo‘yniga bir necha marta urgan. Shundan so‘ng erkak otasiga qo‘ng‘iroq qilgan. U kelinining qonga belangan jasadini ko‘rib, darrov uchastka noziri va kelinning ukasiga qo‘ng‘iroq qilgan. Ayolga tez yordam chaqirilgan, biroq u kasalxonada vafot etgan.
Erkak ichki ishlar organlariga borib, qilmishidan pushaymonligini va aybiga iqrorligini aytgan.
Tergov davomida erkakning harakatlarida ayolni o‘ldirish maqsadi borligi aniqlangan, chunki u uchrashuvdan bir necha kun oldin zanjirli arra sotib olgan. Sudning 2023 yil 7 iyundagi hukmi bilan ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.







