Maqom sanʼati sohasidagi arboblar ustamalar bilan qo‘llab-quvvatlanadi
Bu bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi.

Prezidentning «O‘zbek milliy maqom sanʼatini yana-da rivojlantirish va soha vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
2023 yil 1 oktyabrdan boshlab O‘zbek milliy maqom sanʼati markazi va uning hududiy bo‘limlari boshqaruv, ilmiy va ijodiy xodimlarining yangilangan oylik ish haqi miqdorlari joriy etiladi.
Markazning alohida shaxsiy g‘azna hisob varag‘i hisobidan ustamalarni belgilash tartibi joriy etilmoqda. Bunda ustamalar Markaz xodimlari faoliyatining quyidagi yo‘nalishlarida erishilgan natijalari asosida belgilanadi:
— respublika hududlarida va xorijiy davlatlarda gastrol konsert-tomosha tadbirlarida qatnashish;
— mumtoz musiqa yo‘nalishida maqom namunalariga xos asarlarni yaratish va ularni notaga olish;
— maqom va bastakorlar tomonidan bastalangan asarlarni takomillashtirish;
— OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali sof va mukammal ijrodagi maqomlarni targ‘ib etish;
— mumtoz musiqa merosiga oid ilmiy maqolalar chop etish, izlanishlar olib borish, kitoblar va to‘plamlar yaratish;maqom va bastakorlar tomonidan bastalangan asarlarning zamonaviy ohangdagi karaokelarini yaratish;
— “ustoz-shogird” anʼanalarini davom ettirish, maqom sanʼatini rivojlantirishga qaratilgan boshqa yo‘nalishlar.
Hujjat bilan 2023-2025 yillarda quyidagilarni tashkil etish rejalari tasdiqlandi:
— O‘zbek milliy maqom sanʼati markazi va uning hududiy bo‘limlari maqom ansambllarining mahalliy gastrol safarlarini tashkil etish rejasi;
— O‘zbek milliy maqom sanʼati markazi va uning hududiy bo‘limlari maqom ansambllarining korxona va tashkilotlarga gastrol safarlarini tashkil etish rejasi;
— O‘zbek milliy maqom sanʼati markazi va uning hududiy bo‘limlari maqom ansambllarining xorijiy gastrol safarlarini tashkil etish rejasi.







