Qarshi hokimi o‘zini rag‘batlantirishga 75 mln ajratdi
Shahar hokimligi holatga izoh berdi.

Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev o‘zini rag‘batlantirish uchun 75 million so‘m mablag‘ ajratish haqida qaror chiqardi. “E-qaror” elektron tizimiga joylashtirilgan mazkur hujjat 2023 yilning 25 avgust kuni shahar hokimi Normo‘min Xolboyev tomonidan imzolangan.
“Qarshi shahar hokimligining xarajatlariga mablag‘ ajratish to‘g‘risida”gi qarorda hokimlikning 2023 yildagi zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan viloyat miqyosida “Eng tashabbuskor sektor” deya eʼtirof etilgan 1-sektor rahbarini rag‘batlantirish xarajatlariga 75 million so‘m mablag‘ ajratish lozimligi yozilgan.
“Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustdagi 536-sonli qarori va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligining 2023 yil 16 fevraldagi aloqa xati ijrosini taʼminlash maqsadida, shuningdek, viloyat hokimligining 2023 yil 24 avgustdagi viloyatda “Eng tashabbuskor sektor” deb eʼtirof etilgan Qarshi shahar 1-sektor rahbarini mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish to‘g‘risidagi ko‘rsatma xatiga asosan 1-sektor rahbarini rag‘batlantirish xarajatlari uchun belgilangan tartibda mablag‘ ajratilgani maʼlum qilinadi”, — deyiladi hokimlik munosabatida.







