Surxondaryoda chegaradan salkam 70 kg narkotik olib kirayotgan shaxs ushlandi
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

Surxondaryo viloyatidagi «Sariosiyo» chegara bojxona postida 70 kilogrammga yaqin narkotik modda ushlab qolindi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
«Sariosiyo» bojxona postida O‘zbekistonga kirib kelgan va hujjatlarda “bo‘sh” deb ko‘rsatilgan yuk avtotransport vositasi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilgan. Avtomashina chuqurlashtirilgan bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgach, uning kabinasidagi ko‘z ilg‘amas bo‘shliqlarga 66 ta o‘ram modda yashirilgani maʼlum bo‘ldi.
Mazkur o‘ramlar ochib ko‘rilganda ularning 30 tasida 31,9 kilogramm og‘irlikda “geroin”, 36 tasida 37,3 kilogramm og‘irlikdagi «gashish» giyohvandlik vositasi joylangani fosh etildi.
Ushbu holatda jami ushlanib qolingan giyohvandlik vositalarining og‘irligi o‘rami bilan hisoblaganda 69,2 kilogrammni tashkil etdi. Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.







