Prezident Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining V Maslahat uchrashuvida nutq so‘zladi
Uchrashuvda barqarorlik va birdamlik mustahkamlanayotgani asosiy natija sifatida qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 14 sentyabr kuni Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tgan sammitda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMT Bosh kotibining maxsus vakili – Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, mintaqada ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investisiyalar, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z nutqida mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarni yuksak baholadi.
Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlik mustahkamlanayotgani asosiy natija sifatida qayd etildi.
Mintaqamiz iqtisodiy o‘sish va investision faollik markazlaridan biriga aylanmoqda, Gʻarbni Sharq va Shimolni Janub bilan bog‘laydigan transport xabi bo‘lishdek tarixiy vazifani yana o‘z zimmasiga olmoqda.
Global jarayonlarning mintaqaning barqaror rivojlanishiga ta’siri chuqur tahlil qilinib, bunday xavf-xatarlarga samarali qarshi turish imkoniyati ko‘p qirrali sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma sa’y-harakatlarni birlashtirishga bog‘liqligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi istiqbollari bo‘yicha qator takliflarni bildirdi.







