Seysmik soha rivojiga hissa qo‘shganlar munosib taqdirlanadi
Vazirlar Mahkamasi Qarori bilan «Seysmik xavfsizlik sohasi aʼlochisi» ko‘krak nishoni taʼsis etildi.

Vazirlar Mahkamasining 467-son Qarori bilan «Seysmik xavfsizlik sohasi aʼlochisi» ko‘krak nishoni taʼsis etildi.
Ko‘krak nishoni bilan seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligi, aholi va hududlarning seysmik xavfsizligini taʼminlash sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan fuqarolar taqdirlanadi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar har yili 15 sentyabrga qadar O‘zbekiston Respublikas Fanlar akademiyasiga taqdim etiladi Bunda nomzodlarni tanlashda quyidagilar inobatga olinadi:
seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini va davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etganligi;
seysmologiya, inshootlarning seymik mustahkamligi, aholi va hududlarning seysmik xavfsizligini taʼminlash sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shganligi;
seysmik xavfsizlik sohasida zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishda ishtirok etganligi;
kuchli zilzilalar oqibatini bartaraf etishda ishtirok etganligi;
bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini tadqiq qilish, ularning seysmik zaifligini baholash hamda tegishli xulosalar berishda ishtirok etganligi;
seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalar chop etganligi;
suv omborlari to‘g‘onalari, ekspluatatsiya qilinayotgan neft va gaz konlari hududlarida seysmiklikning namoyon bo‘lishini muntazam baholab borish va boshqalar.
Ko‘krak nishoni va uning guvohnomasi har yili 13 oktyabr – Tabiiy ofatlar xatarini kamaytirish xalqaro kuni arafasida Fanlar akademiyasi prezidenti (yoki uning topshirig‘iga muvofiq boshqa masʼul shaxslar) tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.







