Bozorlarda uzum narxi qimmatladimi?
Vazirlik tarmoqda tarqalgan xabarlarga izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda uzum narxining oshib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, masʼullar Toshkent shahrida bozorlardagi uzum narxlarini o‘rganib chiqqan. Unda mahalliy “Kishmish” navli qora uzum narxi 15-25 ming so‘m atrofida, Husayni uzumlari esa 20-40 ming so‘mgacha borligi kuzatilgan.
“O‘ta qimmat narxlar haqidagi xabar asossiz bo‘lib, gibridlangan yoxud navi o‘zgartirilgan yirik uzumlarning narxi oddiy mahalliy navlardan narxi yuqori. Misol uchun, «Avatar» navli uzumning 1 kilosi 35 ming so‘mdan 70-80 ming so‘mgacha, «Mersedes» navli uzumning kilodagi narxi 30 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha ekanligi aniqlandi”, — deyiladi xabarda.
Qora kishmish va husayni uzumining narxi esa xaridorlar uchun maqbul narxda sotilmoqda.
Taʼkidlanishicha, barcha uzum navlari ham qimmat emas. Isteʼmol uchun yaroqli, taʼmi shirin mahalliy “Kishmish”, “Ketmon sopi”, “Kelin barmoq” navli uzumlarning narxi esa 15 mingdan 40 ming so‘mgacha sotilmoqda. «Toyfi» navli kuzda pishib yetiladigan uzumning narxi 10-15 ming so‘m atrofida sotilmoqda.
“Nashrlar tomonidan keltirilgan 200 ming so‘m turadigan uzumga kelsak, gibrid yetishtirilgan va doimiy isteʼmolga taqdim etilgan nav haqida so‘z ketmayapti. Kunlik isteʼmol va boshqa maqsadlar uchun xarid orasidagi aniqlikni to‘g‘ri qo‘yishni so‘raymiz”, — deya izoh bildirgan vazirlik.







