Mirziyoyev akademik Naim Karimov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Naim Karimov 17 sentyabr kuni 91 yoshida vafot etdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev akademik Naim Karimov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati maʼlum qildi.
Filologiya fani sohasida atoqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Naim Karimov shu yil 17 sentyabr kuni 91 yoshida vafot etdi.
Naim Karimov 1932 yil 12 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1955 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlab, ushbu oliy taʼlim muassasasining aspiranturasida tahsil oldi.
O‘z mehnat faoliyatini 1958 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti (hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti)da kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan olim ko‘p yillik ilmiy-ijodiy faoliyati davomida mazkur institutda katta va yetakchi ilmiy xodim, bo‘lim mudiri vazifalarida ishladi. 1962 yilda nomzodlik, 1993 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2002 – 2008 yillarda “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasi raisi hamda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rahbari, 2008 yildan ushbu muzeyning yetakchi ilmiy xodimi sifatida samarali mehnat qilib, ilm-fan va taʼlim sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shdi.
Naim Karimov XX asr o‘zbek adabiyotini o‘rganish bo‘yicha keng qamrovli fundamental tadqiqot va izlanishlar olib borib, ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos maktab yaratdi. Xususan, maʼrifatparvar jadidlarning hayoti va faoliyati, XX asr o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalari ijodiga bag‘ishlangan ko‘plab monografiya va tadqiqotlari, maʼrifiy romanlari hamda mingdan ortiq ilmiy maqolalari, qator darslik va o‘quv qo‘llanmalari adabiyotshunoslik faniga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
U 2017 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.
Olim jahon adabiyotining bir qator sara asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilish barobarida, tarixiy mavzularda yigirmaga yaqin hujjatli filmlarni yaratishda ham faol ishtirok etdi.
Uning bevosita rahbarligida ko‘plab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlangan.
Akademik “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, “El-yurt hurmati” ordeni hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan edi.
“Atoqli olim, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Naim Karimovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, — deyiladi xabarda.







