Qo‘qon shahrida ikkinchi xalqaro hunarmandchilik festivali boshlandi
Festivalga 70 dan ortiq mamlakat hunarmandlari jalb qilingan.

Joriy yilning 21-23 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida ikkinchi xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tmoqda. Festivalda 70 dan ortiq mamlakatdan ustazoda hunarmandlar, xalq amaliy sanʼati ustalari, mutaxassislar, faxriy mehmonlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari ishtirok etishi kutilmoqda.
Madaniyat vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi va Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilayotgan festivalda yurtimizning barcha hududlaridan mingga yaqin hunarmandlar qatnashib, mahsulotlarini namoyish etadi.
Festival doirasida ishtirokchilarning tantanali yurishlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, “Anʼanaviy badiiy hunarmandchilikni saqlash va rivojlantirish sohasida jahon amaliyoti” mavzusida ilmiy konferensiya, xalqaro va o‘zbekistonlik hunarmand-dizaynerlar ishtirokidagi modalar namoyishi, xalq sayillari, “O‘zbekiston hunarmandchiligi” kitob-albomi taqdimoti o‘tkaziladi.
Shuningdek, Qo‘qonda xalqaro hunarmandchilik muzeyi ochiladi, Farg‘onaning madaniy-ko‘ngilochar joylari va turistik marshrutlari bo‘ylab sayohatlar tashkil etiladi.
Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida mahalliy va xorijiy hunarmandlar o‘rtasida ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tadi. Xalqaro hayʼat tomonidan ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining mahsulotlari ko‘rgazmasi va mahorat darslari 5 ta nominatsiya bo‘yicha baholanadi.
Festival doirasida o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlov g‘oliblari maxsus diplom va 2 ming dollardan 7 ming dollargacha miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasidagi tadbirlar 23 sentyabrga qadar davom etadi.







