“Farzandimga hamshira dori ichirgan. Ammo men buni kech bildim”: so‘z — ota-onalarga
65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” voqeasining og‘rig‘i hali unutilmay, Namanganda 70 dan ortiq bolaning ommaviy zaharlanishi barcha ota-onalarning tinchini buzdi.

Chust tumanida bolalarning ommaviy zaharlanishi sodir bo‘ldi. Ota-onalar farzandlariga yod berilgani haqida maʼlum qilgan (shu haftadan boshlab O‘zbekistonda bolalarni yodlash bo‘yicha haftalik dastur boshlangan).
Namanganliklar.uz Telegram-kanalida eʼlon qilingan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabariga ko‘ra, 21 sentyabr kuni soat 16:00 dan boshlab tuman tibbiyot birlashmasiga 71 nafar bola yotqizilgan. Ularda isitma, baʼzilarida qorin og‘rig‘i, diareya va qusish kabi alomatlar kuzatilgan.
Boshqarma tezkor ishchi guruh tuzib, o‘rganishlarni boshlagan. Ahvoli qoniqarli bo‘lgan 9 nafar bola uyiga jo‘natilgan. Qolgan bolalar hozirda shifokorlar nazoratida.
Kasallikning shubhali sababiga aniqlik kiritilmagan.
Bugun erta tongda Sog‘liqni saqlash vazirligi Chustda bolalarning ommaviy zaharlanishini tasdiqlovchi bayonot berdi. Ammo ehtimoliy sabablarni ham, jabrlanganlar sonini ham ko‘rsatmadi.
Xabarda bolalarning barchasiga belgilangan standartlar bo‘yicha davo muolajalari olib borilayotgani, ularga yakuniy tashxis qo‘yish maqsadida belgilangan talablar asosida namunalar olinib, ekspertizadan o‘tkazilayotgani aytilgan.
Holat (doimgidek) Sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan nazoratga olingan.
Qayd etilishicha, 10 nafar bola uyiga jo‘natilgan. Vazirlik qo‘shimcha maʼlumot taqdim etishga vaʼda ham berdi.
Tunda Bosh prokuratura matbuot xizmati zaharlanish bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani va holat prokuratura nazoratiga olinganini maʼlum qildi.
Rasmiy bayonotda, shuningdek, voyaga yetmagan bolalar nimadan zaharlangani hali nomaʼlum bo‘lganligi uchun jamoatchilikdan noto‘g‘ri va turli taxminlarga asoslangan xabarlarni tarqatmaslik so‘raldi.
“Kecha o‘g‘lim maktabdan kelganda holsiz, biroz issig‘i bor edi. Dori ichirdim, isitmasi sal tushgandek bo‘ldi. Lekin qorin sohasida kuchli og‘riq va qayt qilish holati kuzatilgani uchun kechga yaqin tuman tez tibbiy bo‘limiga bordik. Shifokor o‘g‘limdan kun davomida nimalar yegani va ichganini so‘radi. Gap orasida sinfxonada hammaga dori tarqatilgani va shuni ichgani haqida aytib qoldi. Ochig‘i, bundan bexabar edik. Na o‘qituvchisi, na maktab hamshirasi bizni ogohlantirgan. Ko‘rsatilgan yordamdan so‘ng 2-3 soatda farzandimning ahvoli o‘nglandi. Kechaning o‘zidayoq uyga ruxsat berishgan, — deydi jabrlangan bolalardan birining onasi (turmush o‘rtog‘i ruxsat bermagani bois ayolning ism-sharifi ochiqlanmadi).
“Qizim bu yil 1-sinfga chiqdi. Chorshanba kuni maktabdan kelib hamshira dori bergani va o‘shandan keyin boshi og‘rib, ko‘ngil aynishi to‘xtatganini aytdi. Onam shifokor bo‘lganliklari bois o‘zlari muolaja qildilar. Hozir ahvoli yaxshi. Noxush holatlar ortda qoldi”, — deydi chustlik Shahlo Rahmonov.
“Payshanba kuni o‘rtancha o‘g‘lim ‘maktabda tibbiyot xonasiga bordim, ko‘nglim aynib qornim og‘ridi‘ dedi. Hamshira “ovqatlanib ol, yaxshi bo‘lasan”, debdi. Bugun so‘radim, ‘mabodo dori ichmadilaringmi‘ deb. ‘Chorshanba kuni hammamiz ichdik‘, dedi. Biz ota onalar bexabar, chunki bu dori haqida maktabning Telegram guruhida aytilmadi, ota-onalar roziligi so‘ralmadi ham. Avvallar so‘ralardi, ellik foiz ota-ona rozilik bermasdi. Hozir ustozidan so‘radim qanaqa dori deb. Nomini bilmas ekan, korobkasini topib yozvoraman dedi. Har holda yod bo‘lsa kerak. Katta o‘g‘limda buqoq bor, mikroyodid ichib yuradi, nojo‘ya taʼsiri bo‘lmagan. Bu maktablarga tarqatilayotgan yod dorisini nomini bilish kerak, sinalganmi o‘zi, qarshi ko‘rsatma bormi, muddati qanaqa. Tez orada aniqlashib qolishar. Lekin yod yetishmayotgan bolalar chindan ko‘p, tashabbus xayrli edi, shu nimadir bo‘lib teskarisiga ishlaydida bizda islohotlar: endi oldi-qochdi Telegram guruhlarda yodni nomi qaro bo‘ldi, tekini tursin, aptekadan ham olishlari dargumon”, — deydi Facebook faollaridan biri, tarjimon Nodirabegim Ibrohimova.
Keng muhokamalardan so‘ng maktab va bog‘chalarga tarqatilgan yod preparati isteʼmoli to‘xtatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi “Ko‘rsatma xati” eʼlon qilindi.
Mazkur masalaga Prezident ham alohida eʼtibor qaratdi. Sherzod Asadovning maʼlum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining Chust tumanida yuz bergan bolalar sog‘lig‘i bilan bog‘liq noxush holatdan qattiq tashvishda, ular tez fursatda sog‘ayib ketishini tilaydi. Davlat rahbari bu boradagi vaziyat to‘g‘risida axborotni muntazam olib bormoqda. Viloyat hokimi va masʼullarga masalani alohida nazoratga olish, sabablarini aniqlash va tegishli takliflar kiritish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.







